AsosiyJamiyat

Sudlarga qilinadigan ayrim turdagi da`vo arizalari davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda

'Sudlarga qilinadigan ayrim turdagi da`vo arizalari davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda'ning rasmi

Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida “Davlat boji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qonun bilan Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasini hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasini sudlarga murojaat qilish chog`ida davlat bojini to`lashdan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Amaldagi «Davlat boji to`g`risida»gi Qonunning 8, 9 va 10-moddalarida Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi hamda uning hududiy organlari – o`z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar ko`rib chiqishi uchun kiritiladigan da`volar yuzasidan davlat bojini to`lashdan ozod qilingan.

Biroq, Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi tomonidan birinchi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlariga nisbatan beriladigan shikoyatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojini to`lashdan ozod qilinmagan degan vajlar bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan qaytarilishi holatlari yuzaga kelmoqda.

Kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalarga ko`ra,  Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar, iqtisodiy sudlar va ma`muriy sudlarga da`vo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Qonunning qabul qilinishi davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to`lovidan tejalgan mablag`larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub`ektlarining va iste`molchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta`minlash uchun yo`naltirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar