AsosiyJamiyat

Akmal Nur ShHTning ezgu niyat elchisi bo`ldi

'Akmal Nur ShHTning ezgu niyat elchisi bo`ldi'ning rasmi

Shu yil 20 iyun kuni Pekin shahrida ShHT kuniga bag`ishlangan qabul  doirasida Tashkilotga a`zo davlatlarning tegishli  bir guruh  vakillariga ShHTning ezgu niyat elchisi faxriy unvonini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.

Marosimda ShHTga a`zo davlatlar elchilari, doimiy vakillar, Xitoy davlat idoralari vakillari, ShHT kotibiyati rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda ShHT Bosh kotibi Chjan Min O`zbekiston Respublikasidan nomzod Akmal Nurga “ShHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni sertifikatini tantanali tarzda topshirdi. 

Ma`lumki, Tashkilotning 2021 yilda Dushanbe shahrida o`tgan sammitida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev "ShHTning ezgu niyat elchisi" institutini joriy qilish tashabbusini ilgari surgan edi. 

2022 yilda Samarqand shahrida bo`lib o`tgan ShHT sammitida  Tashkilotga a`zo davlatlar rahbarlari tomonidan “ShHTning ezgu niyat elchisi”ning faoliyat vakolatlari, funksional vazifalari va moliyaviy yo`riqlari ko`rsatilgan tegishli Nizom tasdiqlandi. 

ShHTning ushbu faxriy unvoniga birinchilardan sazovor bo`lgan  O`zbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nur O`zbekiston madaniyati va san`ati rivojiga katta hissa qo`shayotgan, ijodi bilan nafaqat yurtimiz, balki  xorijda ham dovrug` qozongan rassom sanaladi. 

Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur “ShHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvonini olgan ilk namoyandalar sa`y-harakati kelgusida madaniy-ma`rifiy sohalardagi o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqada hamjihatlik, do`stlik va birodarlik, yaxshi qo`shnichilik va teng manfaatli aloqalarni izchil yo`lga qo`yishda xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Boshqa yangiliklar