AsosiyJamiyat

Toshkentda Yoshlar kuniga bag`ishlangan “Tabiat bilan uyg`unlikda” tadbiri bo`lib o`tadi

'Toshkentda Yoshlar kuniga bag`ishlangan “Tabiat bilan uyg`unlikda” tadbiri bo`lib o`tadi'ning rasmi

Ertaga, 24 iyun kuni Toshkent botanika bog`ida "Yoshlar kuni" munosabati bilan “Tabiat bilan uyg`unlikda” shiori ostida  tadbir bo`lib o`tadi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Tadbir davomida Muhammad al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabining «EsoUnion» jamoasi vakillari tomonidan qog`ozni qayta ishlash, ikkilamchi materiallardan to`qish, akril kraskalarda shopper ustida rasm chizish  kabi mashg`ulotlar o`tkaziladi.

Shuningdek, tadbirda yosh olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ekologik innovasion loyihalar ko`rgazmasi taqdim etiladi. Qolaversa, ekoblogerlar, ekofaollar, yoshlar vakillari ishtirokida master-klasslar, yoshlarda hayvonlarga mehr uyg`otishga qaratilgan chiqishlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilish yo`nalishida samarali faoliyat olib borayotgan yoshlarni taqdirlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari o`rtasida ekologiyaga oid savol-javoblar viktorinasi ham o`tkaziladi va g`oliblar taqdirlanadi.

Tadbirni o`tkazishdan maqsad yoshlarda tabiatga mehr uyg`otish, ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda intellektual, ijodiy salohiyatini kamol toptirishdir.

Dastur soat 10:00da boshlanadi. Tadbirning asosiy qismi va ko`rgazma esa soat 16:00da boshlanadi.

    Boshqa yangiliklar