AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda xavfsizligi ta`minlanmagan transformator sabab 7 yoshli bola ikki qo`lidan ajralib qoldi

'Qashqadaryoda xavfsizligi ta`minlanmagan transformator sabab 7 yoshli bola ikki qo`lidan ajralib qoldi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida xavfsizligi ta`minlanmagan transformator sabab 7 yoshli bola ikki qo`lidan ajralib qoldi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.

“O`g`lim o`sha kuni transformatorning ochiq joyidan ichkariga asalarining uyasini ko`rib, asal olish maqsadida kirgan. Va chiqib ketayotgan paytda qo`li tokka tegib ketgan. Oqibatda tok urib, o`g`lim pastga chuqurga tushib ketgan. Yaxshi odamlar o`g`limni chuqurning ichidan tortib olishganini aytdi”, — deydi bolaning otasi Sherzod O`roqov.

Murojaatchi otaning aytishicha, shu voqeadan so`ng o`g`li 10 kun shifoxonada davolangach, o`ziga kelgan.

“Allohga shukurki, o`g`lim omon qolgan. Lekin bugungi kunga kelib, o`g`limning ikki qo`li tirsagigacha kesib tashlangan. Hech qanday ish qilolmaydi. O`zimiz ovqatlantiramiz, o`zimiz kiyintiramiz. Hatto hojatxonaga ham o`zimiz olib borib, o`zimiz olib qaytamiz. Mas`ullarga murojaat qilib, protez qo`l qo`yilishida yordam so`rasam, omon qolganiga shukr qiling deyishadi. Nima uchun xavfsizligi ta`minlanmagan transformator uchun mening o`g`lim yuz foiz aybdor bo`lishi kerak”, — deydi ota.

Sherzod O`roqov 3 million so`m maosh evaziga qishloq xo`jaligi bilan shug`ullanuvchi korxonada traktorchi bo`lib ishlashini, o`g`lining kelajagi uchun protez qo`l qo`ydirishga qurbi etmayotganini aytmoqda.

“Men barcha tashkilotlarga murojaat qilib, o`g`limning kelajagi uchun yordam berishlarini so`radim. O`g`lim ertaga ishlashi uchun, hech bo`lmasa o`zining yumushlarini bajarishi uchun unga protez qo`l qo`yib berilishi kerak. Narxlari bilan qiziqdim, shaxsan men uchun juda qimmat. Transformatorni shu holatga tashlab qo`yib, o`g`limning mudhish voqeaga duchor bo`lishiga sababchi bo`lganlar javobgarlikka ham tortilishi lozim”, — deydi Sherzod O`roqov.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar