AsosiyJamiyat

Qo`qondagi kiyim-kechak bozorida sotuvchilar janjallashdi

'Qo`qondagi kiyim-kechak bozorida sotuvchilar janjallashdi'ning rasmi

Farg`ona viloyati Qo`qon shahridagi kiyim-kechak bozori hududida sotuvchilar o`rtasida janjal sodir bo`ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 21 iyun kuni Qo`qon shahridagi kiyim kechak bozori hududida joylashgan do`konlardan birining ish boshqaruvchisi 1990 yilda tug`ilgan ayol do`kon oldida sotuvchilik qilayotgan 41 va 35 yoshli er-xotinga mazkur hududda savdo qilmaslikni aytgan. Ikki tomon bir-birini haqorat qilishi oqibatida janjal kelib chiqqan. Tortishuvga ularning qarindoshlari ham qo`shilgan. 

Shuningdek, ertasiga, 22 iyun kuni shu do`konning 1989 yilda tug`ilgan egasi va uning ikki sherigi do`kon oldida kiyim sotayotgan 47 yoshli ayol va uning 14 yashar o`g`li do`konning kirish qismini to`sib qo`yayotganini vaj qilib, ular bilan janjallashgan. Janjal davomida ayolning voyaga etmagan o`g`liga jarohat etkazilgan. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma`lum qilingan. Tartibbuzarlikka aloqador barcha fuqarolarning shaxslari aniqlangan va tergovga jalb etilgan. Voyaga etmagan bolaga jarohat etkazilishi holati bo`yicha sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. 

“Bu kabi huquqbuzarliklarning takrorlanishini oldini olish maqsadida Qo`qon shahar hokimligi, bozor ma`muriyati hamda shahar IIBning mas`ul xodimlari tomonidan bozor hududidagi do`konlar hamda vaqtinchalik yoyma savdo rastalarida savdo faoliyati bilan shug`ullanuvchi fuqarolar orasida profilaktik tushuntirish ishlari o`tkazildi”, deyiladi xabarda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar