AsosiyJamiyat

Akademiya kursanti MDH davlatlari orasida o`tkazilgan xalqaro tanlovda g`alaba qozondi

'Akademiya kursanti MDH davlatlari orasida o`tkazilgan xalqaro tanlovda g`alaba qozondi'ning rasmi

Joriy yilning yanvar oyida O`zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasiga Rossiya IIV Omsk Akademiyasidan MDH davlatlari ichki ishlar tizimidagi ta`lim muassasalari kursantlarining “Jinoyat qidiruv bo`linmalari faoliyati” bo`yicha eng yaxshi ilmiy-tadqiqot ishlarini tanlash uchun o`tkaziladigan xalqaro tanlovda ishtirok etish bo`yicha taklif tushdi.

Tanlov ikki bosqichdan iborat bo`lib, birinchisida referat tayyorlanishi va shu yil 1 fevral kuniga qadar yuborilishi darkor edi. Rossiya IIV Omsk Akademiyasida tashkil etilgan maxsus komissiya yuborilgan ishlarni quyidagi talablarga ko`ra baholashi belgilangan edi: 1. ilmiy izlanishdagi mavzuning dolzarbligi; 2. ilmiy yangilik; 3. tezkor faoliyatda uchrab turadigan muammolarning alohida echimi. Ishtirokchi 100 balldan yuqori baholansa, finalga yo`llanma olishi belgilangan. Final esa joriy yilning 19 aprel kuni o`tkazilishi ma`lum qilingan.

Mazkur tanlovda ishtirok etish uchun ilmiy rahbar sifatida 232-o`quv guruhi kursanti Samir Muxtorovni loyiq nomzod deb topdim. Biz “Jinoyat qidiruv bo`linmalari tomonidan jinoyatlarning ayrim turlarini ochish” nominasiyasini tanladik, referat uchun dolzarb mavzulardan biri – “Katta shaharda fuqarolarning kvartiralarida sodir etilgan o`g`riliklarni ochish xususiyatlari” ni tanlashga qaror qildik.

Referatni yozishdan oldin biz kerakli empirik materiallarni to`pladik (oxirgi besh yildagi statistika ma`lumotlari, tezkor bo`linmalar amaliyot xodimlari bilan anketa so`rovnomalarini ishlab chiqdik, fuqarolar kvartiralarida sodir etilgan o`g`riliklarni ochish bo`yicha xalqaro tajribani o`rgandik, shuningdek, turli texnik qurilmalar yordamida ochiladigan qulflarning yangi turlari haqida ma`lumotlar yig`dik).

To`plangan materiallarni o`rganish asnosida referat yozishga kirishdik. Vaqt juda kam edi, biroq muddatiga ulgurishga muvaffaq bo`ldik, 1 fevral kuni Omsk Akademiyasi manziliga referatimiz va qo`shimcha materiallarni jo`natdik. Kutish jarayoni juda hayajonli kechdi, Akademiya boshlig`i, polkovnik Rustam Abdug`anievich Xatamov bizga birinchi o`rin olishimiz kerakligi haqida vazifa qo`ydi.

15 mart kuni bizning ishimiz finalga yo`llanma olgani haqida xabar oldik, unda kursantimiz 5-7 daqiqaga mo`ljallangan vaqt ichida ma`ruza bilan chiqishi hamda savollarga javob berishi darkorligi haqida ma`lum qilindi. Ma`ruza tayyor bo`lgach, kursantning chiqishi ustida ishladik, jyuri a`zolari tomonidan berilishi mumkin bo`lgan savollarga tayyorgarlik ko`rildi.

19 aprel kuni tanlovning final qismida onlayn tarzda ishtirok etdik. Aytish joizki, tadbirda ko`p raqobatchilar ishtirok etishdi, ular turli mamlakatlar vakillari edi. Misol uchun, Rossiya, Belarus, Qozog`iston va MDHning boshqa davlatlari.

Shuni ta`kidlash kerakki, ma`ruzali chiqishi va savollarga javob berish davomida kursant S. Muxtarov barcha vazifalarni uddaladi va yuqori ko`rsatgichlarga ega bo`ldi, natijada biz mazkur xalqaro tanlovda birinchi o`ringa muvaffaq bo`lib, diplomga ega bo`ldik va bu bilan Akademiyamiz obro`sini yanada ko`tarishga erishdik.

Shu tariqa, g`alabaga bo`lgan intilish va hamkorlikdagi mehnatlarimiz o`z natijalarini berdi va biz maqsadga erishdik.

Barcha o`quvchilarimizga salomatlik va ishlarida zafarlar tilaymiz. Doim olg`a intilib yashanglar!

A. Xamdamov, O`zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi TQF kafedrasi professori, h.f.d., professor.

    Boshqa yangiliklar