AsosiyJamiyat

Jizzaxda avtoyo`l yoritilmagani sabab avtohalokatda 15 yoshli yigit vafot etdi

'Jizzaxda avtoyo`l yoritilmagani sabab avtohalokatda 15 yoshli yigit vafot etdi'ning rasmi

Joriy yilning 22 iyun kuni soat 21:15 atrofida  “Toshkent-Termiz” yo`lining Jizzax viloyati G`allaorol tumanidan o`tgan qismida 15 yoshli o`smir YTH oqibatida halok bo`lgan. Hodisaga yigit yo`lning belgilanmagan qismidan kesib o`tgani va ushbu yo`l kechki payt yoritilmagani sabab bo`lgan. Bu haqda “Davr” informasion dasturida ma`lum qilindi.

Mahalliy aholining aytishicha, yo`l yoritilmagani sabab odam o`limi bilan bog`liq bu birinchi holat emas, bundan oldin ham 4−5 nafar odam vafot etgan.

“M-39 yo`lidagi yoritish moslamalari Obodonlashtirish bo`limining balansida, ular xizmat ko`rsatadi. Texnik kamchiliklari bor, shuning uchun o`chib turibdi, menimcha. Transformatrlari ulangan, faqat ularni yoqish kerak”, - deydi tuman elektr ta`minoti korxonasi boshlig`i Oybek Sultonov.

G`allaorol tumani Obodonlashtirish bo`limi rahbari G`ulom Oqmirzaev esa chiroqlar o`tgan yili anomal sovuq tufayli energiyani tejash maqsadida o`chirilgani, o`shandan buyon yoqilmaganini, hokimiyat ruxsat bersagina yoqilishini aytgan.

Biroq tuman hokimligi qurilish bo`limi mutaxassisi Sahob Ermanov uning so`zlarini rad etdi.

“Hokimiyatdan elektr energiyasini tejash maqsadida o`chirilsin degan buyruq berilmagan. Hozir ishchi guruh tuzib, masalani ko`rib chiqib, bugun bartaraf etamiz”, deydi u.

 

    Boshqa yangiliklar