2023 yilning 25 iyundan 26 iyunga o`tar kechasi soat 00:10 larda 1993 yilda tug`ilgan haydovchi Damas'ni Xiva shahri A.Temur ko`chasi bo`ylab Elobod ko`chasi kesishmasi tomon boshqarib kelayotganida Xiva shahar IIB ma`muriy binosi oldida kuchani IIB binosi tomon piyoda kesib utayotgan Xorazm viloyati Xiva shahar IIB boshlig`i podpolkovnik Botir Otajonovni urib yuborgan.
Natijada, B.Otajonov yo`l chetida turgan Xiva shahar IIB boshlig`ining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari podpolkovnik J.Rametovga tegishli Lacetti'ning orqa tomoniga borib urilib, tan jarohati olgan. Ammo, haydovchi Damas avtomashinasini hodisa joyida qoldirib, noma`lum tomonga yashiringan.
B.Otajonov “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O`ng yonbosh suyagi quymich kosasining tubi maydalanib, o`tirgich suyagi maydalanib sinib, siljishi. O`ng son suyagining boshchasini travmatik markaziy chiqishi. Yumshoq to`qimalar lat eyishi, qontalash shilinmalar" tashxisi bilan travmatik jonlantirish bo`limiga yotqizilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, haydovchining yashiringan joyi aniqlanib, alkotester yordamida ko`rikdan o`tkazilganda unda 0,403 mg/l miqdorida alkogoldan mastlik holati aniqlangan.
Bosh prokuratura Matbuot xizmatining xabar berishicha, holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.






