Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Davlat notarial idoralari va notarial arxivlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qo`shma qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, davlat notarial idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi notarial arxivlar xodimlarini moddiy rag`batlantirish turlari kengaytirilmoqda.
Endilikda xodimlarga rasmiy bayram kunlari munosabati bilan bir marotabalik mukofot puli to`lanishi, ularning ovqatlanish va yo`lkira xarajatlari qoplanishi hamda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun moddiy yordam ajratilishi mumkin.
Ma`lumot uchun: muqaddam lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustama o`rnatish, mukofotlash, qimmatbaho sovg`alar bilan rag`batlantirish va moddiy yordam ko`rsatish kabi rag`batlantirish turlari o`rnatilgan edi.
Shuningdek ularning miqdori o`rnatilmoqda:
- bir marotabalik mukofot puli – bir oylik maosh miqdorigacha;
- ovqatlanish uchun har oylik to`lov – BHMning 2 baravarigacha;
- yo`lkira uchun kompensasiya – BHMning 1 baravarigacha;
- qishloq xo`jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun bir yilda bir marotaba (qoida tariqasida, kuz oylarida) moddiy yordam – BHMning 10 baravarigacha.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 24.06.2023 yildan kuchga kirdi.






