Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda yuk mashinaning yarimtirkamasi yo`lda harakatlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Jizzax viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 18 iyun kuni soat taxminan 15:30 larda Toshkent shahrida yashovchi haydovchi CHACMAN / L3000 rusumli yuk avtomashinasini Jizzax viloyati G`allaorol tumani hududidan xalqaro ahamiyatga ega M39 avtomobil yo`lining 1010 km.da "Samarqand-Toshkent” yo`nalishida yo`lning dovon qismida harakatlanib ketayotib, ushbu yuk avtomashinasiga ulangan uzun o`lchamli yuklarni tashishga mo`ljallangan yarimtirkama uzilib ketgan.
Natijada, ushbu yarimtirkama yo`lning dovon qismidan pastga qarab, 400-500 metr masofagacha harakatlanib to`xtagan.
Surishtiruv davomida ushbu yarimtirkama yuk avtomashinasiga ulanadigan qismidan qo`porilib ketganligi ma`lum bo`ldi.
Ushbu hodisa natijasida hech kim tan jarohati olmagan va yo`lovchi avtomashinalarga ham shikast etmagan.






