AsosiyJamiyat

Jizzaxda restorandagi ovqatdan zaharlangan fuqarolar haqida viloyat prokuraturasi ma`lumot berdi

'Jizzaxda restorandagi ovqatdan zaharlangan fuqarolar haqida viloyat prokuraturasi ma`lumot berdi'ning rasmi

Avvalroq, Jizzaxda 44 nafar fuqaro restorandagi ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergan edik. 

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi ma`lumot berdi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 25-26 iyun kunlari 44 nafar emas, balki 57 nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ich ketish va tana harorati ko`tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilishgan.

Dastlabki laboratoriya tekshiruvi xulosasiga ko`ra, fuqarolarga “O`tkir diareya” ovqatdan zaharlanish tashxisi qo`yilib, tibbiy muolajalarni amalga oshirish uchun barchasi shifoxonaga yotqizilgan.

Bemorlarning 11 nafariga tibbiy yordam ko`rsatilib, uyiga javob berilgan, 46 nafari qoniqarli ahvolda ekanligi ma`lum bo`lgan.

Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan o`tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida bemorlar Jizzax shahridagi oshxonalarning birida ovqatlanganligi aniqlanib, hodisa joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlarining namunalari bo`yicha va barcha bemorlarga nisbatan tegishli ekspertizalar tayinlanib, soha mutaxassislari jalb etilgan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan nazorat o`rnatilgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar