Afrikadan O`zbekistonga olib ketilayotgan bananlar orasidan 50 kilo kokain topildi. Yuk belgilangan manzilga etib bormagan: Sankt-Peterburg portida bojxonachilar tomonidan to`xtatib qolingan.
Rossiya Federal bojxona xizmatining ma`lum qilishicha, narkotik moddalar “Gavan” bojxona postiga kelgan o`nlab refrijeratorli (sovitkichli) konteynerlarning biridan topilgan. Konteyner skaner qilinganda inspektor monitorda sovitish moslamasining yashirin bo`shlig`ida yot buyumlar yashirilganini ko`rgan.
Tekshiruv natijasida plyonkaga qadoqlangan oq kukunli 50 dona briket topilgan. Ekspertiza natijalariga ko`ra, u kokain ekanligi aniqlangan.
Hujjatlarga ko`ra, yuk Afrika davlatlaridan Evropa orqali O`zbekistonga turli dengiz kemalarida tranzit orqali olib ketilayotgan bo`lgan.
Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi (narkotik moddalar kontrabandasi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.