AsosiyDunyo

19 bolaning o`limiga sabab bo`lgan “Dok-1 MAKS”ni ishlab chiqarishda zaharli sanoat mahsulotidan foydalanilgan

'19 bolaning o`limiga sabab bo`lgan “Dok-1 MAKS”ni ishlab chiqarishda zaharli sanoat mahsulotidan foydalanilgan'ning rasmi

 

O`zbekistonda kamida 19 bolaning o`limiga sabab bo`lgani aytilayotgan yo`talga qarshi siroplarning ishlab chiqaruvchisi – Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi preparatni tayyorlashda ingredientlardan birining farmasevtik versiyasidan emas, sanoatda ishlatiladigan zaharli versiyasidan foydalangan. Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar tarqatdi.

Ma`lum qilinishicha, Marion Biotech propilenglikol moddasini Maya Chemtech India nomli vositachi kompaniyadan sotib olgan. Bu kompaniya esa farmasevtikada qo`llanadigan materiallarni sotish lisenziyasiga ega bo`lmagan va faqat sanoatda ishlatiladigan moddalar savdosi bilan shug`ullangan.

“Marion bu moddalardan yo`talga qarshi siroplar ishlab chiqarmoqchi bo`lganini biz bilmaganmiz. Bizning moddalarimiz nima maqsadda ishlatilishini bizga aytishmagan”, – degan ish tergov qilinayotgani sabab shaxsini ochiqlashni istamagan manba.

Reuters’ning ikki suhbatdoshi preparatlarni ishlab chiqarishda propilenglikolning sanoat versiyasi ishlatilganini bildirgan. Bu zaharli modda suyuq yuvish vositalari, antifriz mahsulotlari, bo`yoqlar, qoplamalar ishlab chiqarish va pestisidlarning samarasini oshirishda keng foydalaniladi.

“Marion propilenglikolning tijoriy versiyasini sotib olgan. Uni emas, Hindiston Farmasevtika komissiyasi tasdiqlagan versiyasini olishlari kerak edi”, – degan tergovda qatnashayotgan anonim manbalardan biri.

Uning qo`shimcha qilishicha, farmkompaniya O`zbekistonga sotgan siroplarini ishlab chiqarishda bu ingredientdan foydalanishdan oldin uning xavfsizligini tekshirib ko`rmagan. Vaholanki, Hindiston qonunchiligiga ko`ra, ishlab chiqaruvchilar o`z mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanadigan ingredientlarning xavfsizligi uchun javobgardir.

Maya kompaniyasi hozircha javobgarlikka tortilmagan, biroq tergov davom etyapti. Kompaniya vakili Reuters’ga izoh berishni istamagan, faqatgina holat farmasevtika sohasining federal rasmiylari tomonidan taftish qilinayotganini aytish bilan cheklangan. Shuningdek, Marion kompaniyasi ham, Hindistonning farmasevtika regulyatori ham, Sog`liqni saqlash vazirligi ham agentlikning so`rovlariga javob bermagan.

Marion Biotech avvalroq biror xato-kamchilikka yo`l qo`yganini rad etgan edi. Mart oyida kompaniyaning uch nafar mulozimi hibsga olingan.

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotiga ko`ra, Marion Biotech tomonidan ishlab chiqarilib, Quramax Medical tomonidan O`zbekistonga etkazib kelingan “Dok-1 MAKS” va “Ambronol” siroplarining ayrim partiyalari tarkibidan propilenglikol moddasi o`rniga yoki u bilan birga zaharli moddalar – etilenglikol va dietilenglikol topilgan.

Dekabr oyida bu dorilarni ichganidan keyin kamida 19 nafar bola halok bo`lgani oydinlashgandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar