Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh O`zbekiston fuqarolari ishlash maqsadida Germaniyaga borib, qiyin ahvolda qolgani haqida video tarqaldi.
Unda 300 ga yaqin yoshlar ishlash uchun borib sarson bo`lib yurgani, qaerga borishini bilmay bir necha kundan beri vokzalda tunayotgani aytilgan.
Mazkur holat bo`yicha O`zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasiga “Work and Travel” dasturi bo`yicha Germaniyaga kelgan, ish bilan bog`liq muammolar va etarli moliyaviy resurslar yo`qligi sababli Myunxendagi markaziy vokzalda tunashga majbur bo`lgan O`zbekiston fuqarolari haqida ma`lumot kelib tushgan.
O`zbekistonning “Turon World konsalting” kompaniyasi ma`lumotiga ko`ra, ushbu tashkilot 98 nafar O`zbekiston fuqarolarini “Work and Travel” dasturi bo`yicha Germaniyaga mavsumiy ishlarga jo`natgan.
O`zbek diplomatlari «Humo» o`zbek-nemis madaniy jamiyati faollari bilan birgalikda voqea joyiga zudlik bilan etib bordilar va O`zbekistonlik vatandoshlar bilan hamkorlikda 35 nafar O`zbekiston fuqarolariga ushbu hududda vaqtincha yashashlari uchun zarur yordam ko`rsatdilar.
O`zbekistonning Berlindagi elchixonasi va Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga oldilar. Vakolatli organlar bilan hamkorlikda mazkur muammoni bartaraf etish choralari ko`rilmoqda.






