AsosiyJamiyat

Ilgari Gulnora Karimovaga tegishli bo`lgan "Sijjak" dam olish maskani xususiylashtiriladigan ob`ektlar ro`yxatidan chiqarib yuborildi

'Ilgari Gulnora Karimovaga tegishli bo`lgan "Sijjak" dam olish maskani xususiylashtiriladigan ob`ektlar ro`yxatidan chiqarib yuborildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 14 iyundagi "Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog`lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir" qarori bilan xususiylashtirish rejalashtirilayotgan ob`ektlar ro`yxatiga o`zgartirishlar kiritdi, deya xabar bermoqda "Gazeta.uz".

O`zgartirishlarga ko`ra,  "Sijjak" va "Chotqol" dam olish maskanlari 2021 yildan boshlab xususiylashtirishga harakat qilinayotgan davlat mulklari ro`yxatidan chiqarilgan. Hozir "Sijjak" 124-maktab internati balansida bo`lib, uning faoliyat turini o`zgartirish va sotish taqiqlangan, "Chotqol" esa Kasaba uyushmalari federasiyasi balansiga o`tkazilgan.

Ilgari bu dam olish maskani O`zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo`lgan va sud tomonidan davlat hisobiga o`tkazilgan. Prezidentning 2018 yil 16 martdagi qarori bilan ob`ekt sport tashkilotlari ixtiyoriga o`tkazilishi va O`zbekiston futbol assosiasiyasi qoshida milliy terma jamoalar uchun o`quv-mashg`ulot bazasi tashkil etilishi rejalashtirilgan edi.

Davlat rahbarining 2019 yil dekabr oyidagi futbolni rivojlanishning yangi bosqichiga ko`tarish to`g`risidagi qarori bilan yuqoridagi hujjatning ushbu bandi o`z kuchini yo`qotdi va terma jamoalar uchun o`quv-tayyorlov markazi Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani, Yangibozor qishlog`i hududida tashkil etilishi belgilandi.

2019 yil iyul oyida "Sijjak"ni O`zbekiston Triatlon federasiyasiga bepul foydalanishga topshirish rejalashtirayotgani ma`lum bo`ldi. Ammo 2020 yil iyun oyida aktivni xususiylashtirishga qaror qilingan.

    Boshqa yangiliklar