AsosiyJamiyat

Saylovoldi tashviqotida nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratildimi?

'Saylovoldi tashviqotida nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratildimi?'ning rasmi

E`tibor qaratadigan bo`lsak, Saylov kodeksida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to`g`risidagi Nizomda, saylovoldi tashviqotida nomzodlar uchun teng imkoniyatlar huquqiy jihatdan tartibga solib qo`yilganMisol tariqasida,Saylov kodeksining 41-moddasiga ko`ra, Prezidentlikka ko`rsatilgan nomzodlar ro`yxatga olingan boshlab, teng huquqlarga ega bo`ladi. Darhaqiqat, tenglik adolatning, qonuniylikning, shaffoflikning saylov jarayonida ta`minlanishining muhim garovidir.

Misol tariqasida, Qozog`iston Respublikasining Saylovlar to`g`risidagi qonunining 28-moddasiga ko`ra, Prezidentlikka qo`yilgan nomzodlar ro`yxatga olish tugagan kundan boshlab, har bir nomzod bir vaqtda, tenglik asosida saylovoldi tashviqotiga kirishishi belgilab qo`yilgan. 

Saylovoldi tashviqoti: birinchidan, nomzodlarning shaxsi, bilimi va salohiyatini saylovchilar oldida to`la namoyon qilishga, ikkinchidan, saylovchilarni nomzodlar dasturlarining asosiy yo`nalishlari, mazmun-mohiyati va kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishtirishga, uchinchidan, saylovchilarni nomzod uchun ovoz berishga ishontirishga qaratilgan muhim vosita bo`lib hisoblanadi. Shuning uchun ham barcha demokratik davlatlarda, shu jumladan mamlakatimizda ham saylovlar jarayonida saylovoldi tashviqoti bosqichiga alohida e`tibor beriladi.

Saylovoldi tadbirlarning asosiy maqsadi, saylovda ishtirok etuvchi nomzodning bilim-salohiyati, hokimiyatga bo`lgan intilishi va bu boradagi dasturinining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish orqali saylovchilarning ishonchini qozonishir. Shuni ta`kidlash joizki, saylovoldi tadbirlari nomzodlar uchun o`z imkoniyatlarini namoyon qilish yo`lidagi o`ziga xos siyosiy-huquqiy maydon bo`lib hisoblanadi. 

Ta`kidlab o`tish lozimki, Parlamentlararo Ittifoq Kengashining 1994 yil 26 martda qabul qilingan “Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to`g`risida”gi Deklarasiyasida, “Har bir nomzod yoki siyosiy partiya saylovlarda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega bo`lish lozimligi” hamda “davlat organlari tomonidan saylov kampaniyasini davlat va jamoat ommaviy axborot vositalari tomonidan xolisona yoritilishi uchun zarur choralarni belgilashi lozimligi” qayd etilgan.

Yana bir muhim jihatga e`tibor qaratish joizki, qonunchiligimizga muvofiq, nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o`tkazish uchun mablag`lar davlat byudjetidan ajratiladi. Nomzodlarga boshqa manbalardan pul mablag`larini o`tkazish (kiritish), tovarlar etkazib berish, ishlar bajarish, xizmatlar ko`rsatish shaklida moliyaviy ta`minlash va boshqacha tarzda moliyaviy qo`llab-quvvatlash taqiqlanadi. Adolatlilik, xolislik ta`minlanishi maqsadida siyosiy partiyadan ko`rsatilgan nomzod saylov kampaniyasida ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan respublika byudjeti mablag`larining hajmi MSK tomonidan teng ulushlarda belgilanadi. 

 E`tibor beradigan bo`lsak, bu yilgi O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlarda davlat byudjetidan 174 milliard, 130 mln so`m pul mablag`i ajratildi.Shundan, partiyalarning umumiy tadbirlarini o`tkazish va partiyalar tomonidan ko`rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqotini o`tkazish uchun ajratiladigan mablag`lar miqdori 19,655 milliard so`m yoki to`rt nafar nomzodning har biri uchun 4,914 milliard so`m miqdorida tasdiqlandi. Bu mablag`lar albatta tenglik tamoyilini mustahkamlagan hoda, nomzodlardan o`ta faollikni talab etadi. 

Tenglikni ta`minlash maqsadida, Saylov kodeksiga ko`ra, tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko`ra bir xil bo`lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo`li bilan teng sharoitlar ta`minlanadi. Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to`lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo`lishi kerak. Qolaversa, nomzodlar va siyosiy partiyalarga bosma, ko`rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratiladi.

  Darhaqiqat, hozirda saylovoldi tashviqotlarida siyosiy partiyalar, nomzodlar tomonidan zamonaviy ommaviy axborot vositalaridan foylanish ko`lami kengayib bormoqda. Bu albatta, nomzodlarga o`zining dasturida ilgari surilgan yo`nalishlar, maqsad va vaziflar, kelajakka mo`ljallangan rejalarni keng jamoatchilikka tushuntirishda bevosita qo`l keladi.

 Tenglik haqida gapiriyapmiz, buning isboti sifatida joriy yilning 5 iyunida Markaziy saylov komissiyasining 1272-Qarori bilan tasdiqlangan nomzodlar uchun Respublika markaziy teleradiokanallarida, ya`ni, “O`zbekiston 24”, “ O`zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla” kanallarida teng miqdorda  bepul efir vaqti va hajmi belgilab berildi. Uzatiladigan markaziy teleradiokanallaridagi eshittirishlar aynan fuqarolar uchun qulay vaqt, praym-taym vaqtiga mo`ljallangan.

 Mahalliy teleradiokanallarida esa, bir nomzod uchun ajratilgan efir vaqtining umumiy hajmi 100 daqiqani tashkil etgan. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning har biriga video- va radioroliklarni translyasiya qilish uchun 2023 yil 7 iyun - 7 iyul davrda har kuni har bir mahalliy teleradiokanalda 2 daqiqadan (jami 62 daqiqa) efir vaqti ham belgilangan.

 Qolaversa, “Yangi O`zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so`zi”, “Narodnoe slovo” gazetalarida hamda mahalliy 20 dan ortiq  gazetalarda nashr maydoni nomzodlar uchun aniq jadvallar asosida, tenglik prinsipi qo`llanilgan holda belgilangan.

Misol tariqasida, Ozarbayjon Saylov kodeksining 78-moddasiga qaraydigan bo`lsak, saylovoldi tashviqotlarida nomzodlar OAV laridan foydalnishlarida tenglik tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etadi. Fransiyaning Saylov kodeksida ham nomzodlar OAV laridan foydalanishlarda tenglik tamoyiliga alohida e`tibor qaratilgan.

Nomzodlarga qanday yana teng kafolatlar berilgan!

E`tibor qaratadigan bo`lsak, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazish, saylovoldi yig`ilishlarida, televidenie va radio orqali so`zga chiqish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan o`rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod bo`lish huquqiga ega. Demak, har bir nomzod saylovoldi tashviqotlarida o`zining asosiy harakatlarini saylovchilarga namoyon qilish davrida, ularga qulaylik yaratish maqsadida unga tenglik sharoitlari yaratib beriladi.

Shuningdek, nomzod uchun muhim tenglik kafolati sifatida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar esa O`zbekiston Respublikasi hududi doirasida davlat yo`lovchilar transportining barcha turlarida (bundan shahar yo`lovchi transporti, taksi va boshqa transport turlarining buyurtma yo`nalishlari mustasno) tekinga yurish huquqiga ega. Nomzodlarning xizmat safari va boshqa xarajatlari saylovni o`tkazish uchun ajratilgan mablag`lar hisobidan to`lanadi

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Prezidentlikka nomzodlarga yanada qulaylik yaratish, ularga yaqindan saylovoldi tashviqotlarda ko`mak berish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar o`n besh nafarga qadar ishonchli vakillar olish huquqiga ega. Bu erda ham hamma ro`yxatdan o`tgan nomzodlar bir xil sondagi ko`maklashuvchilarni ajratish belgilab qo`yilmoqda. Ishonchli vakillarning o`zi, nomzodga saylov kampaniyasini o`tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo`ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalashda ko`mak beradi. 

Saylovchilar bilan uchrashuvlar tenglik asosida tashkil etiladimi?

Saylovoldi tashviqotlar usullaridan biri bu, saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazish orqali amalga oshirishdir. Saylov kodeksining 48 - moddasiga ko`ra, nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi.

Saylovoldi uchrashuvlari, nomzod uchun muhim amaliy ahamiyatga ega bo`lib, bu orqali deputatlikka nomzodlarning faolligi ortadi, chunki, faol qatnashish yoki qatnashmaslik, nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovda qatnashishdagi eng asosiy masala ya`ni, g`olib chiqish yoki mag`lubiyatga uchrash kabi oqibatlarga olib keladi. Saylovoldi tashviqoti shakl va usullaridan samarali foydalanish, Prezidentlikka nomzodlar va ularni ko`rsatgan siyosiy partiyalar uchun o`ziga xos sinov hisoblanadi. Saylovoldi tadbirlarining qanday o`tkazilishi nomzod tarafdorlari sonining ko`payishi yoki kamayishiga, uning mavqeining ko`tarilishi yoki tushib ketishiga olib kelishi mumkin. Saylovchilar bilan uchrashuvlar saylovda ishtirok etayotgan nomzodning bilim va salohiyati, o`z dasturining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish orqali saylovchilarning ishonchini qozonish va tarafodlarini ko`paytirishdan iboratdir. Shuni ta`kidlash joizki, saylovoldi uchrashuvlar nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun o`z imkoniyatlarini namoyon qilish yo`lidagi o`ziga xos siyosiy maydon hisoblanadi.

Bir narsani alohida ta`kidlash lozimki, bugungi  saylovchi kechagi saylovchi  emas, negaki, ba`zi nomzodlar tomonidan populizmga o`tishi mumkin, ya`ni, quruq va`dalar, safsatabozliklar, maqsadi yo`q gaplar va hokazo. Ammo, bugungi saylovchi har bir bildirilgan fikrni chuqur tahlil qilish, har qanday vaziyatda majoziy ma`noda aytganimizda qarshi hujumga o`tishi mumkin. Shu ma`noda ham saylovchilarni hozirgi o`zgarishlar,islohotlar davrida aldab, o`z izniga tushirish karomatlari o`tishi qiyin. Shuning uchun ham nomzoddan  o`tkir mushohada, bilim, zehniyat, oldini ko`ra bilishlik, aniq maqsadlarni xalqqa tushuntira bilishlik kabi xislatlar talab etiladi. Buning uchun albatta nomzod jarayonlarga tayyor bo`lishi kerak! 

              

O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi a`zosi Sherzod Zulfiqorov

 

    Boshqa yangiliklar