O`zbekiston Milliy gvardiyasi Ot sporti bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi har birining boshlang`ich narxi 2,3 milliard so`m bo`lgan 10 ta ot sotib olish uchun tender e`lon qildi.
O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida keltirilgan ma`lumotga ko`ra, tender 23 iyunda boshlangan va 21 iyulgacha davom etadi. 10 ta otni xarid qilish uchun boshlang`ich narx etib 23 milliard 305 million 391 ming so`m belgilangan. Tender eng arzon mos taklifni tanlab olish shaklida o`tkaziladi. Sotuvchi otlarni 90 kun ichida etkazib berishi kerak bo`ladi. Otlar Evropa issiq qonli, toza zotli, yoshi esa 7−11 oralig`ida bo`lishi talab etiladi.
Darakchi.uz Milliy Gvardiya markaziy devonida Yoshlar o`rtasida harbiy vatanparvarlik va sport ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi boshlig`i Qambarali Azizov bilan bog`lanib 2,3 milliard so`mli otlar haqida tarqalgan gap-so`zlarga oydinlik kiritdi.
"Otlar oliy sport mahorati maktabi chavandozlarining xalqaro musobaqalarga (Jahon kubogi, Millatlar kubogi, Evroosiyo kubogi, Jahon chempionati va Osiyo o`yinlarining turli bosqichlarida) tayyorgarlik ko`rishi va muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun xarid qilinmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi PQ-5212-son qarorlari bilan Milliy gvardiya tasarrufida har bir viloyatda bittadan chavandozlar maktablari ochilishi belgilangan. Qolaversa, qaror ijrosi bilan Surxondaryo viloyatida yo`qolib ketayotgan qora bayr zotli otlarini etishtirish va ularni ko`paytirish hamda chet elga sotishga iqtisoslashtirilgan alohida maktab tashkil qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ–5024-son qaroriga muvofiq har bir maktabga yiliga 5 mlrd so`mlik pul ajratilishi ko`rsatilgan lekin hozirgi vaqtda amalda bo`layotgani yo`q.
Shularni inobatga olib, o`zbekistonlik chavandozlarning xalqaro musobaqalarda faxrli o`rinlarni egallashlarini ta`minlash uchun, zotdor otlarni xarid qilishimiz kerak. Biz tendirda 2 mlrd ko`rsatganmiz, ammo buni yarim narxiga ham olib kelishimiz mumkin. Misol uchun, Germaniya 1,5 mlrdga, Fransiya 1,2 mlrd, Gollandiya 1 mlrdga topib berishi mukin. Qaysi davlat eng past narx aytsa o`sha davlatdan ot olinadi.
Belgilangan pul davlat byudjetidan emas, "O`zbekiston temir yo`llari" AJning hayriya mablag`lari hisobidan qoplab beriladi.
Otlar faqat chet elga o`zbek chavandozlari chiqqanda ularning ixtidorini ko`rsatib berish uchun olinmoqda",– deydi Qambarali Azizov.