AsosiyJinoyat

Qozog`istondan 24 ming litr benzin olib chiqmoqchi bo`lgan o`zbekistonlik ushlandi

'Qozog`istondan 24 ming litr benzin olib chiqmoqchi bo`lgan o`zbekistonlik ushlandi'ning rasmi

Qozog`istonning Turkiston viloyatidagi "Qazig`urt" bojxona postida 24 ming litr AI-92 benzinini noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo`lgan O`zbekiston fuqarosi qo`lga olindi. Bu haqda Inform xabar bermoqda.

Bojxona punkti xodimlari 15 iyun kuni O`zbekistonga yo`l olgan "DAF" rusumli yuk mashinasini to`xtatdi. O`zbekiston fuqarosi nazoratida bo`lgan mashinada bojxona deklarasiyasiga muvofiq yuklangan «Oksigenat» tovarining hidi shubha uyg`otib, ko`rikdan o`tkazildi. Natijada 24 dona plastik idishga (har biri 1000 litrdan) benzin solingani aniqlandi. Namunalar bojxona ilmiy-tadqiqot markazida tekshirilganida mahsulot AI-92 benzini ekani tasdiqlandi. 

Sud qaroriga ko`ra, qoidabuzar ma`muriy javobgarlikka tortilib, 103,5 ming tenge (qariyb 2,7 mln so`m) miqdorida jarimaga tortildi. Olib qo`yilgan benzin davlat foydasiga musodara qilindi. 

Qozog`iston qonunchiligiga ko`ra, avtotransport vositalarida benzin, dizel yoqilg`isi va ayrim neft mahsulotlarini respublika tashqarisiga olib chiqish taqiqlangan.

    Boshqa yangiliklar