AsosiyJamiyat

Ekologik partiyadan O`zbekiston Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzaev Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashdi

'Ekologik partiyadan O`zbekiston Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzaev Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzaevning Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Unda mahalliy Kengash deputatlari, ekolog olimlar, mahalla faollari, ta`lim, tibbiyot sohasi vakillari, yoshlar, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod A.Hamzaev so`zga chiqib, o`z saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari bilan saylovchilarni tanishtirib o`tdi. 

Saylovoldi dasturida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta`minlash, tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o`tishni jadallashtirish orqali aholimizning qulay atrof-muhitga bo`lgan huquqlarini ro`yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etish asosiy maqsad etib belgilanganligi ta`kidlandi. Shuningdek, nomzod aholining qulay atrof-muhitga ega bo`lish huquqini ta`minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilarga e`tibor qaratishini aytib o`tdi.

Ekologiya sohasida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni ratifikasiya qilish borasida:

Eng avvalo, xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementasiya qilish, mamlakat manfaatlariga mos keluvchi xalqaro huquqiy hujjatlarga, xususan, “Xalqaro savdoda ayrim xavfli kimyoviy moddalar va pestisidlarga nisbatan oldindan asoslangan kelishuv tartib-taomili to`g`risidagi konvensiya”, “Atrof muhitga ta`sirni transchegaraviy nuqtai nazardan baholash to`g`risidagi konvensiya”, “Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to`g`risidagi konvensiya”ga qo`shilish choralari ko`riladi.

Davlat ekologik siyosatining ustuvor yo`nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ishlab chiqiladi.

Yana bir muhim masala, ekologiya sohasidagi tarqoq qonunchilik hujjatlarini kodifikasiya qilish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tartibi va talablari yagona sohaviy kodekslar jumladan, Ekologiya kodeksi, Suv kodeksi, O`rmon kodeksida mustahkamlanadi.

Shaharlar Bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi, yangi turar joylar qurilishida “yashil zonalar” aholining soniga mutanosib ravishda bo`lishi zarurligi talabi qonunchilikda belgilanadi.

Yashil hududlar, tog` yon bag`irlari, daryo va ko`llar sohillaridagi har qanday qurilishlar ekologik ekspertiza va jamoatchilik nazoratidan so`ng amalga oshirilishi ta`minlanadi;

Xavfli chiqindilar, tibbiyot va biologik hamda qurilish chiqindilarini boshqarish va qayta ishlashni tartibga soluvchi “Chiqindilar to`g`risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilinadi.

Biologik xilma-xillik va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o`simlik va hayvonot dunyosi ob`ektlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi.

Ekologik muammolarni bartaraf etish, amalga oshirilayotgan ishlarning atrof-muhitga ta`sirini baholash va bu borada keng jamoatchilikni xabardor etish yo`nalishida:

Har qanday investisiya loyihasini ishlab chiqish, tabiiy resurslar bilan bog`liq loyihalarni amalga oshirish hamda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishda ularning atrof-muhitga ta`sirini baholash tizimi joriy etiladi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning muhim strategik dasturlarini ishlab chiqishda ekologik xavfsizlik mezonlari majburiy tartibda kiritiladi.

Bugun butun dunyo ekologik muammolar girdobida qolayotganini har birimiz yaxshi anglab turibmiz. Saylovchilar ham saylovoldi dasturidagi ana shu vaziyatlarga qaratilgan muhim takliflarga e`tibor qaratib, nomzodning saylovoldi dasturini qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib o`tishdi. 

So`zga chiqqanlar mamlakatimizdagi dolzarb ekologik muammolarga e`tibor qaratib, nomzodning saylovoldi dasturida bu muammolarga mukammal echimlar berib o`tilganini ta`kidlashdi. 

    Boshqa yangiliklar