AsosiyJamiyat

Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish kuni qanday faoliyatni amalga oshiradi?

'Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish kuni qanday faoliyatni amalga oshiradi?'ning rasmi

Ma`lumki, saylovlarning muvaffaqiyatli o`tishida uchastka saylov komissiyalari ham o`ta muhim o`rin tutadi. 

Xo`sh, uchastka saylov komissiyalari qanday tartibda tuziladi? Uning vakolati va zimmasidagi vazifalar nimalardan iborat? 

Saylov kodeksining 23-moddasiga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida uchastka saylov komissiyasi besh-o`n to`qqiz nafar a`zodan, shu jumladan, rais, rais o`rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. 

Uchastka saylov komissiyalari va ularning a`zolari o`z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi hamda ularning faoliyatiga aralashishga yo`l qo`yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi.

USKlar va ularning a`zolari o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, Saylov kodeksiga va saylovga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qilgan holda mavjud masalalarni ko`rib chiqib qarorlar qabul qiladi. USKlari o`z faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshiradi.

E`tibor qarating, Saylov kodeksining 53-moddasi va “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to`g`risida”gi nizomning 50-bandiga asosan saylov kuni ovoz berish binosi uchastka saylov komissiyasi a`zolarining uchdan ikki qismi hozir bo`lganda ochiladi.

Mazkur tartibning joriy qilinishidan ko`zlangan maqsad — mamalakatimizda saylovlarni shaffof va adolatli o`tishini ta`minlash, shuningdek, saylovlarni tashkil qilish hamda o`tkazishda qonunchilik normalariga to`liq amal qilishni ta`minlashdan iboratdir. Mobodo USK raisi ayrim sabablarga ko`ra, saylov kuni saylovda ishtirok etmasa, USK a`zolari yig`ilish o`tkazib o`zlarining orasidan rais saylashlari lozim bo`ladi.

Shuningdek, Saylov kodeksining 54-moddasidauchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati belgilangan. Unga ko`ra, saylov kuni uchastka saylov komissiyasi tomonidan quyidagi vazifalar ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

Birinchi vazifaovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. 

Soat 8.00 dan oldin saylov uchastkasiga kelgan saylovchilar va boshqalar albatta davlat madhiyasi yangrashini kutishi va ta`bir joiz bo`lsa, madhiya yangrayotgan vaqtda uni tik turgan holda eshitib, o`ng qo`lini ko`ksiga qo`ygan holda birga kuylashi ham mumkin bo`ladi. Bu albatta, saylovlarda ishtirok etayotganlarning siyosiy madaniyati yuqoriligidan dalolat beradi. 

O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ham ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan erdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20:00 gacha o`tkaziladi.

Ikkinchi vazifa: USK a`zolariga saylov byulletenlari dalolatnoma asosida topshiriladi. Bunda saylov jarayonida saylovchilarni o`z byuletenlarini olishda bir joyga to`planib qolmasligi, ularga yanada qulayliklar yaratish, saylovchilarga tartibli ravishda byulletenlarni berish maqsadida, har bir uchastka saylov komissiyasi a`zolariga saylovchilar familiyasi alifbo ketma-ketligida saylovchilar ro`yxati asosida taqsimlab beriladi.

Uchinchi vazifa: USK raisi ovoz berish boshlanganligini e`lon qiladi. Mazkur holatda USK raisi tomonidan saylov uchastkasida hozir bo`lganlarga saylov boshlanganligi to`g`risidagi ma`lumotni e`lon qilib, keyingi harakatga o`tadi.

To`rtinchi vazifa: Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya a`zolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida saylov qutilarining bo`shligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami ko`rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.

Beshinchi vazifa. USK raisi yoki uning o`rinbosari tomonidan siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, OAV vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etayotgan bo`lsa, ularga saylov uchastkasidagi saylovchilar soni, okrug saylov komissiyasidan olingan saylov byulletenlarning soni, shuningdek, muddatidan oldin ovoz berganlar soni ma`lum qilinadi.

Oltinchi vazifa: USK raisi, rais o`rinbosari yoki kotibi tomonidan ovoz berish boshlanganligi haqida aloqa vositalari orqali okrug saylov komissiyasiga xabar beriladi. 

Ettinchi vazifa: Saylovchilarga taqdim etilgan saylov byulletenlari sonining hisobi har soatda yuritib boriladi.

Bundan tashqari USKda siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, OAV vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar tegishli saylov komissiyasi tomonidan berilgan hujjatlar asosida ro`yxatga olinadi. 

Sherzod Zulfiqorov,
O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, 
ekspert guruhi a`zosi 

    Boshqa yangiliklar