Ma`lum qilinishicha, Qo`qon shahrida yashovchi Ikromjon Aminov (ism-shariflari o`zgartirilgan) bundan bir necha yillar avval avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug`ullanardi.
Keyinchalik savdo ishlarini kengaytirgani bois 2000 yilda qayinsinglisi Dilfuza Abduhalilovaning o`g`li Afzal Abduhalilovni ishga oladi.
Million-million pul tushumi bo`lgan I.Aminov ba`zan 15 kunda, ba`zida esa oy oxirlagan mahali A.Abduhalilovning ish haqini berar, bundan tashqari ham rag`batlantirib turardi.
Shu zaylda Afzal bir yildan ortiqroq ishlaydi. Ammo 2001 yilning oxirlariga kelib, yigit olayotgan ish haqiga qanoat qilmay, ayrim ehtiyot qismlarni o`g`irlab, yashirincha sotadigan odat chiqaradi. Har bir mahsulot do`konga donabay keltirilgani bois Ikromjon aka ko`p o`tmay, bu “sir”dan voqif bo`ladi. Aniqrog`i, kunlik naqd pul tushumi bilan qoldiqdagi mahsulot soni solishtirilganda kamomad kelib chiqadi. “Balki yanglishgandirman”, deb avvaliga yaxshi gumon qiladi do`kondor. Biroq ayni holatni jiddiy o`rganib chiqqach, sotuvchi qarindoshining o`g`irlik qilganini bilib, uni ishdan haydab yuboradi.
Shundan so`ng Afzalda pochchasidan o`ch olish niyati paydo bo`ladi. Erta-yu kech, yursa ham, tursa ham shu xususda o`ylab, o`zicha turli rejalarni o`ylab ko`radi. Oxir-oqibat xolavachchasi – Ikromjon Aminovning yakka-yu yolg`iz o`g`li Shuhratjon Aminovni o`g`irlab, 15.000 AQSh dollari pul talab qilishga qaror qiladi. Xatto Sh.Aminov 9 yoshda bo`lgani bois uni o`ldirish osonroq tuyuladi.
Afzal Shuhratjon va Bahromjonni shahar chetidagi qurilishi tugallanmagan bir hovliga boshlab boradi. Kimsasiz hovlining erto`lasiga tushishgach, ikkala yigit birdaniga Shuhratjonga tashlanishadi. Ya`ni B.Darxonov cho`ntagida avvaldan tayyorlab olib kelgan simni orqa tomondan uning bo`yniga sirtmoq holda solib bo`g`a boshlaydi.
Oqibatda taxminan 10 daqiqadan so`ng Sh.Aminov qimirlamay qoladi. Keyin murdani qopga solib, O`zbekiston tumanining sobiq Paxtaqaynar shirkat xo`jaligidagi tashlama suv to`planadigan ariqqa tashlab yuborishadi.
2002 yil 14 mart kuni bolaning jasadi suvdan topiladi.
Qotil oradan 20 kuncha o`tgach esa qo`shni Qozog`iston Respublikasiga qochib ketadi. Shu bois 2002 yil 30 aprelda unga nisbatan sirtdan “qamoq” ehtiyot chorasi qo`llanilib, qidiruv e`lon qilingan. Ana shu sabab tufayli jinoyat ishining Afzal Abduhalilovga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilib, jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudining 2002 yil 14 iyundagi hukmi bilan u qonuniy jazoga tortilgan.
Shundan keyin B.Darxonov naq 20 yil mobaynida Qozog`istonda yashab, tergovdan yashirinib yuradi. Lekin 2022 yilning dekabr oyida mazkur mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari xodimlari tomonidan ushlanib, O`zbekistonga qaytariladi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudi uni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v,p” bandlari bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.