Ijtimoiy tarmoqlarda kredit-modul tizimi oliy ta`lim muassasalari tomonidan qo`shimcha mablag` ishlab topish uchun joriy etilgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
Unga ko`ra, nizomga muvofiq akademik qarzdor (shu jumladan, o`qishni ko`chirishda fanlar farqiga ega bo`lganda) talabalar ta`til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o`zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to`lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to`lovni amalga oshirgandan so`ng o`zlashtirilmagan fanlarni o`z hisobidan qayta o`qish huquqiga ega bo`ladi. Talabani qayta o`qitish (sinov yoki fanlar farqi uchun to`lov emas) nazarda tutilmoqda. Ya`ni talabaga kredit to`plash uchun qayta imkoniyat berilmoqda. Bunda professor-o`qituvchi ushbu talabalarga belgilangan muddatlarda tegishli o`quv mashg`ulotlarini olib boradi. Albatta, mazkur jarayon muayyan xarajatlarni talab etadi.
Ta`lim dasturlarini o`lchash va taqqoslashning sinov birliklari tizimi Evropa, Amerika hamda Osiyoning turli va aksariyat etakchi universitetlarida bir necha o`n yilliklar mobaynida qo`llanmoqda. Kredit tizimi o`quv dasturlarini shaffof va eng asosiysi, taqqoslanuvchan qiladi, bu esa talabalarning akademik mobilligini oshirishga imkoniyat yaratadi.
“Mamlakatimiz oliy ta`lim tizimini takomillashtirish ta`lim oluvchilar va o`qituvchilarning o`z faoliyatiga munosabatini o`zgartirish zarurligini taqazo etadi. Bu holat kredit-modul ta`lim tizimi bo`yicha ta`lim jarayonini tashkil qilishga to`la mos keladi.
Kredit-modul tizimiga o`tish O`zbekiston Respublikasi ta`lim sohasining darajalari, bosqichlari, akademik darajalarini aniq baholashga imkon beradi va ularni shaffof, tashxislanadigan va tan olinadigan holatga keltiradi. Bu esa jahon ta`lim muhitiga qo`shilishning bosh shartlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu tizimning joriy qilinishi tayyorlanayotgan kadrlarimizni yuqori malakali va jahon miqyosida raqobatbardosh bo`lishini ta`minlaydi”, — deyiladi munosabatda.