Germaniyaning Rheinmetall konserni yaqin 12 hafta ichida Ukrainada zirhli mashinalar ishlab chiqaruvchi zavod ochadi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Armin Papperger CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o`tdi, deya xabar bermoqda "zamon.uz".
Zavod, Pappergerning so`zlariga ko`ra, mamlakatning g`arbiy qismida joylashadi. Yangi korxonada tanklar ishlab chiqarish va ta`mirlashdan tashqari Germaniyaning Fuchs zirhli transportyorlari ham ishlab chiqariladi. Ushbu korxona negizida nemis mutaxassislari ukrainaliklarga ishlab chiqarilgan zirhli mashinalarga texnik xizmat ko`rsatishni ham o`rgatadi.
«Ukrainaliklar o`zlariga yordam berishi kerak - agar ular keyingi 10 yoki 20 yil ichida doimiy ravishda evropaliklar yoki amerikaliklarning yordamini kutsa... bu mumkin bo`lmagan narsadir», — dedi Rheinmetall bosh direktori.
Rheinmetall zavodni «Ukroboronprom» Ukraina davlat mudofaa konserni bilan hamkorlikda boshqaradi, u ham zavodga egalik qiladi. May oyida kompaniyalar Ukrainaning «mudofaa texnologik imkoniyatlarini» mustahkamlash bo`yicha kelishuvni e`lon qilgan edi.
Shu yil boshida Rheinmetall vakili Rheinische Post gazetasiga kompaniya Ukrainada yiliga 400 ga yaqin tank ishlab chiqarishga qodir bo`lgan 200 million evrolik jangovar tanklar zavodini ochish niyatida ekanini aytdi.






