AsosiyJamiyat

Prezident hokimlarni jiddiy ravishda ogohlantirdi

'Prezident hokimlarni jiddiy ravishda ogohlantirdi'ning rasmi

Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan shakllantirilgan investisiya loyihalari ularning salohiyati va imkoniyatlariga mos emasligini ko`rsatib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

So`nggi ikki oyda sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalari jalb qilinib, loyiha guruhlari bilan birga 6,5 milliard dollarlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.

Misol uchun, Paxtachi tumanida  o`tgan olti oyda bor-yo`g`i 5 million dollarlik to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb qilingan. Vaholanki, konsalting kompaniya ikki oyda 165 million dollarlik 40 dan ziyod loyihalarni tuman hokimiga taqdim qildi.

Barcha hokimlar bir masalani eshitib olsin. Toki hokim har bir loyihani ichiga kirib, o`zi investisiya bilan shug`ullanmasa, ahvol o`zgarmaydi”, - dedi davlat rahbari.

Investisiya, sanoat va savdo vazirligiga yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda hamda tarmoqlarda 30 milliard dollarlik yangi investisiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Buning uchun barcha tuman va shaharlardagi loyiha guruhlari konsalting kompaniyalari bilan birga “izlanish – ishlab chiqish – amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantiradi. Bu maqsadlarga 15 million dollar yo`naltiriladi.

Ishlab chiqilgan loyihalarni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investisiya forumi o`tkaziladi.

 

    Boshqa yangiliklar