AsosiyJamiyat

Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi — Shavkat Mirziyoev yangi rejalar haqida gapirdi

'Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi — Shavkat Mirziyoev yangi rejalar haqida gapirdi'ning rasmi

Prezident xalqimizning yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog`lab, avvalgidan ikki-uch karra ko`proq g`ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta`kidladi.

"Biz saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan ulkan maqsadlarni amalga oshirish bo`yicha qat`iy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning o`zi barchamizni tezkor bo`lishga, kerak bo`lsa, vaqtdan o`zib ishlashga undamoqda.

Kimki “Saylov o`tdi – safarbarlik tugadi”, deb  o`ylasa,  xato  qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o`zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?

Kelgusi etti yilga mo`ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor.

Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz sur`ati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli bo`lmasin, tanlagan yo`limizdan ortga qaytmaymiz.

“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart", – dedi davlat rahbari.

"Konstitusiyamizda muhrlab qo`yilganidek, jonajon O`zbekistonimizni, millati, tili va dinidan qat`i nazar, har bir fuqaromiz tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantiramiz.

Jumladan, ta`lim va tarbiya, sog`liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san`at, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli ta`minlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash bo`yicha belgilab olgan vazifalarni albatta bajaramiz.

 Biz uchun Vatan ramzi bo`lgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi bo`g`inga aylantiramiz.

Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish o`rinlari ochish, aholi daromadlarini ko`paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o`qitish, ularning bandligini oshirish e`tiborimiz markazida bo`ladi.

Aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo`lgan shaxslar, yolg`iz keksalarni qo`llab-quvvatlash, kambag`allikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqamiz" - dedi Prezident so`zining davomida.

    Boshqa yangiliklar