Energetika vazirligi arzimagan mablag` evaziga Qirg`iz Respublikasiga katta miqdorda elektr energiyasi etkazib bergani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni mutlaqo asossiz ekanligini ta`kidladi.
Ma`lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari energetika tizimi, xususan, Qirg`iz va O`zbekiston Respublikalari energetika tizimi parallel ravishda ishlaydi.
Shuni hisobga olgan holda ikki mamlakat energetika kompaniyalari o`rtasidagi kelishuvga asosan, elektr energiyasini etkazib berish o`zaro tovar ayirboshlash (olgan miqdori hajmida qaytarish) sharti bilan amalga oshiriladi.
Shunga asosan, 2023 yil bahor mavsumida O`zbekistondan Qirg`iz Respublikasiga (ichki iste`mol past davrda) 150 mln kVt-soat elektr energiyasi etkazib berilgan.
"O`z navbatida, kelishuvga asosan, ushbu hajmdagi elektr energiyasini Qirg`iz Respublikasi O`zbekistonga yoz mavsumida qaytaradi. Shu bilan birga, Qirg`iz Respublikasi mamlakatimiz qishloq xo`jaligi uchun shu davrda Norin daryosi orqali suv etkazib beradi", - deyiladi xabarda.






