1

​Quloqda shovqin paydo bo`lishining sababi nima?

Salomatlik 19.07.2023, 18:29
​Quloqda shovqin paydo bo`lishining sababi nima?

Bu holat tibbiyotda tinnitus deb ataladi. Ma`lumotlarga ko`ra, dunyo aholisining 5-8 foizi mazkur xastalik bilan yashaydi. Kasallik, odatda, keksalarga xos. 55-65 yoshdagi kishilarning har besh nafardan biri o`zida quloq shang`illashi holatlari kuzatilib turishini aytadi.
Biroq ushbu muammo yoshlarda ham uchrab turibdi. Bu shovqinli joylarga tashrif buyurish, shuningdek, quloqchinlarda baland ovozda musiqa tinglash bilan bog`liq.Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligiMatbuot xizmati yozdi. 

 Quloqlarda shovqin bo`lishi bolalarda kamdan-kam uchraydi. Tug`ma karligi bo`lgan odamlarni esa bu masala umuman qiynamaydi.

Ushbu xastalikka chalingan bemorlarning 85 foizi 250 – 8000 Hz tebranish oralig`idagi tovushlarni eshitish imkoniyatidan mahrum bo`lishi tasdiqlangan. 

Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, quloqlardagi shovqin ko`proq erkaklarda, ortiqcha vazni bor kishilar, shuningdek, yuqori qon bosimi, qandli diabet, dislipidemiya xastaliklari bo`lgan bemorlarda ko`proq uchraydi.

Tinnitusning — arterial gipertenziya, bo`yin osteoxondrozi, otit, sensonevral eshitish zaifligi, qon tomirlari aterosklerozi, stress, endokrin kasalliklar, eshitish nervlarining nevrinomasi, tarqoq skleroz singari bir necha omillar ta`sirida faollashishi isbotlangan.

 Bundan tashqari, ba`zi dorilarni qabul qilish, yaqin masofada kuchli pirotexnikaning portlashi, konsertlardagi o`ta baland tovush ta`siridagi barotravma va akustik jarohatlar ham quloq shang`illashiga sabab bo`ladi.

 Tinnitusdan aziyat chekuvchi bemorlar quloqdagi shovqin uyquga ketishdan oldin, atrofda jimjitlik paydo bo`lganda nihoyatda aniq eshitilishini ta`kidlashadi. Diqqatni shovqinga qaratish uyqusizlikka olib kelishi mumkin. 

 Agar xastalik rivojlanishda davom etsa, quloq shang`illashi kunduzi, shovqinli muhitda ham bezovta qila boshlaydi.

 Bemor bu tovushga tobora ko`proq diqqat qaratishi natijasida uning psixoemosional ta`sirchanligi ortadi. Kayfiyati yomonlashib, depressiv reaksiyalar rivojlanishi mumkin. Tinnitus kasalligi kuzatilganda, avvalo, uning sababini aniqlashga yordam beradigan tekshiruvlar o`tkazilishi zarur.

 Quyidagi oddiy tavsiyalarga rioya qilib, o`zingizni tinnitusdan himoya qilishingiz mumkin:
- Quloqchinlarda musiqa tinglasangiz, ovozning juda baland emasligiga e`tibor bering. Metroda musiqa eshitmaslikka harakat qiling. Chunki poezd tovushi va quloqchindan chiqayotgan ovoz eshitish analizatorining ortiqcha zo`riqishiga olib keladi.
- Ish faoliyatingiz baland shovqinlar bilan bog`liq bo`lsa, quloq tiqinlaridan foydalanishni unutmang.
- Kofein va spirtli ichimliklardan saqlaning. Ular quloqda shovqin kuchayishiga olib keladi.
- Stressli vaziyatlardan qoching. Kuniga me`yor darajasida — etti-sakkiz soat uxlayotganingizga ishonch hosil qiling.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1