Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Amudaryo tuman bo`limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda Departament Matbuot xizmati xabar bermoqda
Unda fuqaro F.Yu. fuqaro S.O.ni «Berdaq» nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining «Jismoniy madaniyat» fakultetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlanib, uning ko`rsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu universitetning o`quv uslubiy boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan B.D. fuqaro F.Yu.dan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Amudaryo tuman bo`limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqaro Sh.E. va Nukus tibbiyot texnikumi ichki nazorat bo`limi inspektori D.N. fuqarolar Sh.K., I.Yu. va O.S.ni ushbu texnikumga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 12 mln so`mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.