Toshkent shahar IIBB JTSB Karantin tadbirlarini ta`minlash guruhi xodimlari tomonidan shaharga sifatsiz go`sht mahsulotlari olib kirish holati aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar berdi.
"Erkin" YPX maskanida IIB xodimlari tomonidan "Qashqadaryo-Toshkent" yo`nalishida harakatlanib kelayotgan 1989 yilda tug`ilgan S.T. boshqaruvidagi Isuzu yuk avtomashinasi to`xtatib tekshirilganida, uning yukxonasida 6 bosh tirik va 1 bosh taxminan 350 kilogramm og`irlikdagi ot go`shti borligi aniqlandi.
Karantin tadbirlarini ta`minlash guruhi xodimlari tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 350 kilogramm go`sht mahsulotlarini tegishli hujjatlarsiz poytaxtga olib kirish fakti oldi olindi.
Go`sht mahsuloti Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasida tekshiruvdan o`tkazildi va iste`molga yaroqsizligi ma`lum bo`ldi. Shunga ko`ra, sifatsiz go`sht mahsuloti tegishli tartibda yo`q qilindi.






