Samarqand shahri Ro`dakiy ko`chasida joylashgan dorivor o`simliklarni qadoqlash sexining binosi Samarqand shahar hokimining 2015 yil 17 iyundagi 791-Q-sonli qarori bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilgan, ammo shu paytga qadar fuqaro Sh.K. kompensasiya to`lab berilmagan. Bu haqda Samarqand viloyat adliya boshqarmasi Darakchi.uz'ga xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo`limi 3 kun muddatda buzilishga tushgan mazkur bino o`rniga tovon tariqasida boshqa er maydoni ajratish bo`yicha taklif kiritish vazifasini olgan bo`lsa-da, masalaga yillar o`tsa ham e`tibor qaratmagan. Sh.K. shahar hokimligiga bir necha marotaba bu borada yozma va og`zaki murojaat qilgan, lekin besamar ketgan.
Joriy yilning 27 yanvarida hokimlik fuqaroga 9-17/1887/Q-sonli yozma xat berib, go`yo 2021 yil 1 avgustdan tuman (shahar) hokimliklarining er munosabatlariga doir qaror chiqarish vakolati bekor qilingani qabilidagi bahona bilan suvdan quruq chiqishga uringan. Biroq savol tug`iladi, ungacha nega bu muammo hal etilmagan, nega fuqaro yillar davomida hokimlik ostonasida sarson-sargardon bo`lgan? Huquqlari buzilgan?
Vaholanki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo`yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlarni qoplash tartibi to`g`risidagi Nizom”ning (Samarqand shahar hokimining 2016 yil 30 maydagi 745-Q-sonli qarori qabul qilingan paytda amalda bo`lgan) 8-bandiga ko`ra, buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to`lash hamda er uchastkasini olib qo`yish munosabati bilan mulkdorlarga etkazilgan zararlar qoplab berilishi kerak.
O`z mulkini jamoat ehtiyojlari uchun berib, so`ngra quruq qo`l bilan qolgan mulkdor fuqaro mazkur chigal muammoni qonuniy ko`rib chiqishda amaliy yordam so`rab Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilishga majbur bo`ldi. Boshqarma tomonidan masala o`rganilib, Fuqarolik ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudiga da`vo arizasi kiritildi. Sud O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14, Uy-joy kodeksining 27, 29, Fuqarolik Prosessual kodeksining 138, 141, 249-253- moddalarini qo`llab, Samarqand shahar hokimligi hisobidan fuqaro foydasiga jami 548 million 722 ming 300 so`m miqdorida kopmensasiya undirish haqida qaror qabul qildi.






