Bugun, 21 iyul kuni ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug`bek Qosimovning Denov tumanida o`tkazilgan yig`ilishda fermerlardan birini qamoqqa olish bo`yicha topshiriq bergani haqida video tarqaldi.
E`lon qilingan material yuzasidan viloyat hokimligi Axborot xizmati ma`luot berdi.
"Video materialda 2023 yilning 4 iyul kuni Denov tumanining “Hazorbog`” hududida qishloq xo`jaligi masalalariga bag`ishlab soha mutasaddilari va fermer xo`jaliklari rahbarlari ishtirokida o`tkazilgan yig`ilish aks etgan.
Unda viloyat hokimi tumandagi ayrim fermer xo`jaliklari paxta dalalarida agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida va sifatli o`tkazish bilan bog`liq muammolar mavjudligi, ajratilgan resurslardan maqsadsiz foydalanish holatlariga yo`l qo`yilayotganini tanqid qilib, mutasaddilarga mavjud holatlarni o`rganish va noqonuniy xatti-harakatlarga huquqiy baho berish topshirig`ini bergan" deyiladi xabarda.
Yig`ilishdan so`ng esa xatti-harakatlariga huquqiy baho berish aytilgan fermer xo`jaliklari rahbarlariga kamchiliklarini to`g`irlash uchun imkon berilgan va mavjud muammolar qisqa muddatda bartaraf etilgan. Hech qaysi fermer xo`jaligi rahbari qamoqqa olinmagan.






