22 iyul kuni Dushanbe shahrida O`zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hukumati delegasiyalarining uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligida o`tgan yig`ilishda Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijro holati atroflicha tahlil qilindi.
Tojikiston O`zbekistonning yaqin qo`shnisi, vaqt sinovidan o`tgan do`sti, ishonchli strategik hamkori va ittifoqchisi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon o`rtasida o`rnatilgan do`stona va ishonchli munosabatlar rivojlanishning mutlaqo yangi dinamikasiga ega bo`lgan ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor bo`lmoqda.
Uchrashuvda ta`kidlanganidek, Davlatlarimiz rahbarlari ikki mamlakat hukumatlari oldiga kun tartibini yangi loyihalar bilan to`ldirish vazifasini qo`ygan.
Tomonlar mazkur vazifaga birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan erishish mumkinligini qayd etdi.
O`zaro savdo ko`rsatkichlari o`sib bormoqda. Davlatlarimiz rahbarlari kelgusida uning hajmini 1 milliard dollarga etkazish bo`yicha aniq vazifa qo`ygan.
Uchrashuvda ma`lum qilinishicha, “Oybek” – “Fotexobod” o`tkazish punktlarida “O`zbekiston – Tojikiston” xalqaro chegara savdo zonasini tashkil etish bo`yicha amaliy ishlar boshlangan.
Shuningdek, delegasiyalar sanoat kooperasiyasini kengaytirish, qishloq va suv xo`jaligi, energetika sohalarida o`zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, transport va logistika masalalaridagi hamkorlikni izchil chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida delegasiyalar rahbarlari tomonidan tegishli bayon imzolandi.






