Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKDhududiy boshqarmasi va viloyat IIB bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1996 y.t. shaxs o`zganing ishonchiga kirib, uni Andijon davlat tibbiyot institutiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 19 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati Darakchi.uz’ga ma`lum qildi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, mazkur fuqaro ushbu pul mablag`idan 16 ming AQSh dollarini Andijon davlat tibbiyot institutida dekan o`rinbosari lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi ma`lum bo`lib, so`ralgan pulni olgan vaqtida u ham ushlandi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo`lgan ushbu oliy o`quv yurtining o`qituvchisi ham ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKDhududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Yuqorichirchiq tumanida yashovchi shaxs 2 nafar fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetining boshlang`ich ta`lim yo`nalishiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 12,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo`yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro davlat pedagogika instituti xodimi 2 nafar fuqaroni mazkur oliy o`quv yurtining harbiy ta`lim fakultetiga o`qishga kirish uchun bo`ladigan imtihonlardan o`tkazib qo`yish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi va IJQKD hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Guliston tumanida yashovchi, 1991 y.t., muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs Farg`ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroni Guliston davlat universitetining jismoniy tarbiya yo`nalishiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 4 ming AQSh dollari talab qilib, 3900 AQSh dollari va 1 mln. 150 ming so`m olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi, 1995 yilda Xorazm viloyatida tug`ilgan shaxs o`zganing ishonchiga kirib, uning o`g`lini Qozog`iston Respublikasidagi universitetning 2-bosqichini tamomlaganligi to`g`risidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, mamlakatimizdagi oliy ta`lim muassasalaridan birining 3-bosqichiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1600 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






