Bugun, 24 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o`zining tabarruk 66 yoshini qarshi oldi. Shu munosabat bilan davlat rahbarining avtobiografiyasi bilan yana bir bor tanishishni lozim topdik.
Shavkat Miromonovich Mirziyoev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug`ilgan. Millati - o`zbek. Oliy ma`lumotli, 1981 yili Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dosent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o`qituvchi, dosent, o`quv ishlari bo`yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko`rsatdi.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo`shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Sh.M. Mirziyoev 2003 yilda O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta - 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
Sh.M. Mirziyoev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Mazkur davrda Mirziyoev "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.
O`zbekistonning Birinchi Prezidenti vafotidan so`ng, 2016 yil 8 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisida parlament palatalarining qo`shma qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklandi. 2016 yilning 4 dekabr kuni Shavkat Mirziyoev 88,61 foiz ovoz bilan O`zbekiston Prezidenti etib saylangan. 2021 yil 24 oktyabrda bo`lib o`tgan O`zbekiston Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoev – 80,1 foiz ovoz bilan ikkinchi marta Prezident etib saylandi. Shuningdek, joriy 2023 yilda bo`lib o`tgan muddatidan avval prezidentlik saylovida ham Mirziyoev 87,5 foiz ovoz bilan yana 7 yil muddatga O`zbekiston Prezidenti etib qayta saylandi.
Sh.M. Mirziyoev ikki qiz va bir o`g`ilning otasi. Olti nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Hoshimova - mutaxassisligi bo`yicha muhandis-iqtisodchi. Katta qizi Saida Mirziyoeva — Prezident administrasiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikasiyalar va axborot siyosati bo`yicha shu`ba mudiri, kichik qizi Shahnoza Mirziyoeva Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o`rinbosari lavozimida faoliyat yuritadi.
Biz — ko`p sonli jurnalistlar va tahririyatimiz nomidan davlatimiz rahbarini ushbu tabarruk yoshlari bilan chin dildan muborakbod etib, ularga xalq farovonligi, yurt ravnaqi yo`lidagi faoliyatlarida kuch-g`ayrat va omadlar tilab qolamiz. Tug`ilgan kuningiz muborak bo`lsin, Janob Prezident!






