Toshkent shahar Shayxontohur tumanida elektrobus haydovchisi keskin tormoz bergani oqibatida yo`lovchilardan biri yiqilib, shifoxonaga olib ketildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko`ra, holat 24 iyul kuni soat 17:20 da, “1-Avtobus saroyi” filiali haydovchisi Yutong rusumli elektrobusni 28-yo`nalishda Shayxontohur tumani, A.Navoiy ko`chasida maxsus A yo`lak bo`ylab boshqarib borayotgan vaqtda sodir bo`lgan. Elektrobusning chap tarafida harakatlanib ketayotgan Nexia-3 yo`l harakati qoidasini qo`pol ravishda buzib, yo`lning 2-qatnov qismidan harakatini keskin o`ngga burib, xavfli holatni keltirib chiqargan.
Nexia-3'ning ushbu keskin xatti-harakati (monyovri) natijasida bo`ladigan yo`l-transport hodisasini oldini olish maqsadida, elektrobus haydovchisi A.D. keskin tormoz olishga majbur bo`lgan. Natijada elektrobus salonida tik turgan holda ketayotgan yo`lovchilardan biri (shaxsi hozircha ma`lum emas) yiqilgan.
Yo`lovchiga tez tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida, tez yordam chaqirilgan va elektrobus chiptachisi hamroxligida yo`lovchi shiifoxonaga olib ketilgan.
Hozirda mazkur yo`l-transport hodisasi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bo`lib, xizmat surishtiruvi o`tkazilmoqda.






