AsosiyJamiyat

Olmaliqda ikki nafar o`quvchi qizni urib yuborgan Damas haydovchisi 6 yilga qamaldi

'Olmaliqda ikki nafar o`quvchi qizni urib yuborgan Damas haydovchisi 6 yilga qamaldi'ning rasmi

24 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Olmaliq shahar sudi may oyida ikki nafar o`quvchi qizni urib yuborgan Damas haydovchisiga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda "Almalkskiy rabochiy" gazetasi xabar berdi.

Jinoyat ishi materiallariga ko`ra, 15 may kuni soat taxminan 07:50 larda 19 yoshli S. Xidirov otasiga tegishli Damas avtomobilida Tinchlik ko`chasi bo`ylab harakatlanayotgan bo`lgan. 21- maktab hududida svetoforning taqiqlovchi chirog`iga e`tibor bermay, harakatlanishda davom etib, piyodalar o`tish joyidan ko`chani kesib o`tayotgan 2009 yilda tug`ilgan ikki nafar 7-sinf o`quvchisini urib yuborgan. Qizlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan Olmaliq markaziy shifoxonasiga etkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi natijasida qizlardan birining bosh suyagi yopiq jarohati, bosh miyaning 1−2 darajali chayqalishi, peshona-chakka qismi jarohati, teri osti gematomalari, o`ng tizza bo`g`imi sohasida yaralar borligi aniqlangan. Bunday jarohatlar o`rtacha jarohatlar deb tasniflanadi.

Ikkinchi qizda bosh suyagi ochiq jarohati, bosh suyagi asosi sinishi, miyaga qon quyilishi, qorin bo`shlig`i shikastlanishi, tos suyagi o`ng tomonining sinishi, miya shishi, ko`plab jarohatlar va butun tanasida gematomalar bor edi. Bunday jarohatlar og`ir jarohatlar deb tasniflanadi, natijada maktab o`quvchisi to`qqiz kundan keyin kasalxonada vafot etadi.

"Sud-avtotexnika ekspertizasi xulosasiga ko`ra, Damas avtomobili haydovchisi Yo`l harakati qoidalariga, xususan, svetofor, yo`l belgilari va chiziqlari signallariga rioya qilganida, yo`l-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyatga ega bo`lgan", — deb yozadi gazeta.

Sudda sudlanuvchi o`z aybiga to`liq iqror bo`ldi. Uning aybi jabrlanuvchi, qonuniy vakillari ko`rsatmalari, o`z aybiga iqror bo`lishlari, videomateriallar, sud-tibbiyot va sud avtotexnika ekspertizalarining xulosalari bilan tasdiqlangan.

Sudda aniqlanishicha, sudlanuvchi yo`l harakati qoidalarini qo`pol ravishda buzgan, buning oqibatida bir kishi halok bo`lgan, yana bir kishi jarohatlangan bo`lgan YTH sodir etgan.

Sud sudlanuvchini O`zbekiston JKning 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqini cheklagan holda 6 yil muddatga manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

    Boshqa yangiliklar