O`zbekistonda 2023 yilning olti oyi davomida OAVda e`lon qilingan tanqidiy materiallar bo`yicha qo`pol qonun buzilish holati yuzasidan 29 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov AOKAda o`tkazilgan brifingda ma`lum qildi.
Unda aytilishicha, prokuratura organlari tomonidan olti oy davomida o`tkazilgan monitoringda jami 678 ta tanqidiy maqola aniqlanib, ular yuzasidan tegishli choralar ko`rilgan. Shu bilan birga, o`tgan davrda prokuratura organlari aralashuvi talab etiladigan tanqidiy materiallar soni 496 tani tashkil etgan.
Ushbu tanqidiy materiallar prokuratura organlari tomonidan belgilangan tartibda ko`rib chiqilib, barchasiga rasmiy bayonotlar berilgan.
Tanqidiy materiallar bo`yicha qo`pol qonun buzilish holati bo`yicha 29 ta jinoyat ishi qo`zg`atilib, 32 ta fuqaroning huquqlari tiklangan.
Shuningdek, davlat organlarining huquqiy hujjatlarini tizimli ravishda o`rganish natijasida:
26 mingga yaqin qonunga zid hujjatlarga protest keltirildi, qonunbuzilish sabablarini bartaraf etish borasida tegishli idoralarga 14 mingta taqdimnoma kiritilgan;
640 mlrd so`m zararni undirish haqida sudlarga 15 mingdan ortiq arizalar kiritilgan;
225 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.






