AsosiyJamiyat

Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi "Uzbekistan Airports"ga jiddiy ko`rsatma bilan chiqdi

'Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi "Uzbekistan Airports"ga jiddiy ko`rsatma bilan chiqdi'ning rasmi

Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi tomonidan  “Uzbekistan Airports” AJga tegishli  “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ hududidagi avtoturargohlar uchun to`lovlar miqdori oshirilganligi, shuningdek, aeroport hududida faqat yagona taksi xizmati yo`lga qo`yilishi natijasida boshqa tadbirkorlik sub`ektlari kirishiga sun`iy to`siqlar qo`yilganligidan noroziliklar bildirilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lgan. 

Qo`mita tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari va iste`molchilar manfaatlarini ko`zlab, qolaversa sohada raqobat muhitini ta`minlash maqsadida tegishli ishlar amalga oshirildi, deya xabar bermoqda Qo`mita matbuot xizmati. 

Ta`kidlanishicha, o`rganishlar davomida quyidagilar aniqlangan, haqiqatdan ham “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ yo`lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo`lning birinchi qatoriga faqat bitta tadbirkorlik sub`ektiga tegishli avtomobillarning kirishiga shart-sharoit yaratib berilganligi, ushbu sub`ektdan to`lovlar undirilmayotganligi, unga tashish uchun qat`iy belgilangan tarif qo`llanilishi va har qanday narxlar o`zgarishlari kelishilishi belgilanganligi, shuningdek “texnik topshiriq” shartlari talabiga mos keluvchi lisenziyaga ega bo`lgan taksi xizmatini ko`rsatuvchi boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning avtomobillarini ushbu hududga kiritmayotganligi hamda aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to`lov miqdorining oshirilishi orqali ushbu sohada raqobatning cheklanishi holati sodir etilganligi aniqlangan.

Ushbu holatlar, O`zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to`g`risida”gi Qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisida, tabiiy monopoliya sub`ektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish man etilganligi va O`zbekiston Respublikasining “Raqobat to`g`risida”gi Qonuni 11-moddasi uchinchi qismida, yuridik va jismoniy shaxslarning xo`jalik yurituvchi sub`ektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi, agar bunday muvofiqlashtirish ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko`rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo`lsa, taqiqlanishi belgilanganligi qoidalariga nisbatan noqonuniy harakat hisoblanadi, deya topilgan. 

Yuqoridagi holat bo`yicha Raqobat qo`mitasi 2022 yil 23 dekabrda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan O`zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to`g`risida”gi Qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisi hamda “Raqobat to`g`risida”gi Qonuni 11-moddasi uchinchi qismi  talablari buzilgan deb qaror qilgan va “Uzbekistan Airports” AJga majburiy ko`rsatmalar berilgan.

Mazkur qaror asosida, “Uzbekistan Airports” AJga quyidagi mazmundagi majburiy ko`rsatmalar berilgan:

tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda lisenziyaga ega bo`lgan taksi xizmatini ko`rsatish faoliyati bilan shug`ullanuvchi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berilishini ta`minlash;

– yo`lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan,  unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo`lovchilarni tashish uchun qat`iy belgilangan tariflar qo`llanilishi hamda tariflardagi har qanday o`zgarishlar “Uzbekistan Airports” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;

– yo`lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo`lning birinchi qatorida taksi xizmatini ko`rsatuvchi boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlar mavjudligi to`g`risida iste`molchilarni xabardor qilinishini ta`minlash;

– aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to`lov miqdorini qayta ko`rib chiqishi bo`yicha ko`rsatma berilgan. 

Ma`lum qilinishicha, shu o`rinda, “Uzbekistan Airports” AJ Qo`mitaning qaror va ko`rsatmasidan  norozi bo`lib Toshkent tumanlararo ma`muriy sudiga murojaat qilgan.

Toshkent tumanlararo ma`muriy sudining 2023 yil 28 martdagi hal qiluv qarori bilan “Uzbekistan Airports” AJ shikoyati rad etilib, Qo`mitaning qaror va ko`rsatmasi o`z kuchida qoldirilgan. Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airports” AJning apellyasiya shikoyati asosida Toshkent shahar ma`muriy sudi apellyasiya instansiyasi tomonidan ham ko`rib chiqilib, 2023 yil 12 iyunda apellyasiya shikoyatini qanoatlantirish rad etildi, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar