Anomal issiq fonida O`zbekistonda elektr energiyasi iste`moli 2022 yilning yoz hamda 2023 yilning iyun oyidagi rekord ko`rsatkichlarni yangiladi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi Axborot xizmati.
Aytilishicha, 2023 yil 26 iyulda Respublika bo`yicha elektr energiyasi iste`moli 250,7 mln kVt/soatni tashkil etdi. 2022 yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo`lib, kechagi ko`rsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq bo`lgan.
Bundan oldin 2023 yil 12 iyul kuni Respublika bo`yicha jami iste`mol 247,5 mln kVt/soatni tashkil etib, rekord ko`rsatkich yangilangan edi.
Shu bilan birga, 26 iyul kuni elektr energiyasi iste`molining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022 yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz) ko`pdir.
Ma`lumot uchun, 2022 yilda maksimal elektr energiyasi iste`moli 27 iyulda qayd etilgan bo`lib, bu ko`rsatkich 239 mln kVt/soatni, kunduzgi iste`mol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.
Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 2022 yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt/soat (9,6 foiz) ko`pdir.
Eslatib o`tamiz, yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining o`tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bog`liq bo`lib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab bo`lishi hech gap emas.
Iste`molchilardan tarmoqda keng ko`lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha etib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to`g`ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o`ta muhim ekanligini to`g`ri tushunishlarini va qo`llab-quvvatlashlarini so`raymiz.
Qat`iy tejamkorlikka amal qilib, zarurat bo`lmagan hollarda elektr asboblaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlarning ko`plab sodir bo`lishini oldini olishga katta hissa qo`shamiz, deyiladi xabarda.






