Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasining Singapurga amaliy tashrifi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, tashrif Xalqaro hamkorlik bo`yicha Germaniya jamiyati (GIZ) ning "Samarali davlat boshqaruvi" loyihasi doirasida Agentlik tomonidan Singapurning Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi bilan hamkorlikda tashkil qilingan.
Delegasiya tarkibiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentlili, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa mas`ul tashkilotlar vakillari kiritilgan.
Tashrifdan asosiy maqsad — ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, Singapurning sohadagi ilg`or tajribasi bilan yaqindan tanishish va maqbul echimlarini milliy amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
Safar doirasida Singapur Bosh prokuraturasi, Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi, PSB Akademiyasi, Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Ma`lumot uchun: Singapur korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilg`or tajribaga ega bo`lib, tegishli reytinglar bo`yicha dunyoda etakchi o`rinni egallagan davlat hisoblanadi. Xususan, Transparensy International xalqaro nohukumat tashkilotining 2022 yil yakunlari bo`yicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida Singapur 180 ta davlat orasida 5-o`rinni egallagan.
Ta`kidlanigicha, tashrifning birinchi kuni Singapurning Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi va Bosh prokuratura vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish, bu borada aksilkorrupsiya byurosi va prokuratura organlarining roli, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta`minlash, shuningdek, davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish tizimi kabi qator muhim masalalarda muzokaralar o`tkazilgan.
Uchrashuv so`ngida tomonlar hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va muntazam tajriba almashish amaliyotini yo`lga quyish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Tashrifning birinchi kuni delegasiya a`zolari shuningdek, Singapur Turizm menejmenti instituti vakillari bilan uchrashib, O`zbekistonda davlat xizmatchilarini o`qitish bo`yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar, deyiladi xabarda.






