AsosiyJamiyat

28 iyul – Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni

'28 iyul – Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni'ning rasmi

Dunyoda yuqumli kasalliklarning turi ko`p. Biroq ular orasida virusli gepatit eng xavfli xastaliklardan biri hisoblanadi. 

1967 yil Nobel mukofoti laureati, amerikalik shifokor Samuel Barux jigar kasalligini keltirib chiqaruvchi gepatit B virusini aniqlashga muvaffaq bo`lgan. 

Ushbu olimning tug`ilgan kuni sharafiga 2011 yildan buyon har yili dunyoda 28 iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.

Gepatit virusli kasallik hisoblanib, bemorda jigar hujayralari zararlanishi kuzatiladi. Qolaversa, uning faoliyati buzilishi oqibatida organizmda intoksikasiya — zaharlanish yuz beradi.

Virusli gepatitning asosan 6 ta — A, B, C, D, E, G kabi turlari mavjud. Ular klinik kechishi va oqibatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Yurtimizda esa asosan kasallikning A, B, C turlari ko`p uchraydi.

Misol uchun, gepatit A – eng ko`p aniqlanadigan, biroq boshqa turlarga nisbatan xavfsizroq xastalik bo`lib, asosan bemorlarda o`tkir kechadi. Ammo surunkali tus olmaydi hamda o`lim va boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi bilan farqlanadi.

Bu xastalikning yana bir nomi “iflos qo`llar kasalligi” deb ham ataladi. Virusni asosan kirlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda bemor bilan muloqotda bo`lish orqali yuqtirish mumkin. 

Gepatit V ushbu kasallik turlari orasida eng xavflisi bo`lib, har yili dunyoda minglab insonlar mazkur virus tufayli vafot etadi. Bugungacha uning qo`zg`atuvchisiga bevosita ta`sir etuvchi preparat topilgani yo`q.

Shuningdek, gepatitning S turi ko`pincha jigar sirrozi yoki saratonga sabab bo`luvchi xavfli xastalik hisoblanib, uni shifokorlar “muloyim qotil” deb ham atashadi. Sababi kasallikning rivojlanish davrida bemorda hech qanday salbiy belgilar kuzatilmaydi.
  
Virus asosan qon orqali, ya`ni ehtiyotsizlik sabab stomatolog, manikyur va boshqa amaliyotlarda qon tekkan buyumdan o`zga bir insonga yuqishi mumkin. Qolaversa, tish cho`tkasi yoki ustara ham kasallanish uchun sabab bo`ladi.

JSST ma`lumotlariga ko`ra, har yili dunyoda 325 millionga yaqin odam gepatit V va kamida 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda. 

Butunjahon gepatit alyansining 2021 yilgi ma`lumotlariga  ko`ra, kasallikning V va C turlari tufayli har yili jahonda 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko`proq ko`rsatkichdir.

Bugun yurtimizda ushbu xavfli xastalikni o`z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi PQ-243-son qarori bu yo`nalishdagi sa`y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi. 

Unga ko`ra, virusli gepatitning V va S turlarini erta aniqlash maqsadida respublikadagi 65 dan ziyod oilaviy va ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bepul skrining tashkil etilgan.

Shuningdek, 2021 yildan boshlab yurtimizda yangi tug`ilgan chaqaloqlarni gepatit V ga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash taqvimiga kiritilgan.

Qolaversa, bugungi kunda Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordami sifatida kasallikning S turiga qarshi “Daklotasvir” va "Sofosbuvir" dori vositalari etkazib berilmoqda.

Mazkur  insonparvarlik yordami Prezidentimizning shu yil 20-21 fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.

Eng muhimi, dunyoning 17 ta mamlakati qatori O`zbekistonda ham S virusli gepatitga chalingan bemorlar davlat hisobidan bepul davolanyapti. 

    Boshqa yangiliklar