AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida qasddan OITS yuqtirib yurgan fuqarolar qo`lga olindi

'Toshkent viloyatida qasddan OITS  yuqtirib yurgan fuqarolar qo`lga olindi'ning rasmi

Toshkent viloyatida tartibsiz hayot kechirish, sog`lom turmush tarziga rioya qilmaslik, gohida ehtiyotsizlik va eng achinarlisi ayrim hollarda qasddan infeksion kasallikni yuqtirish bilan bog`liq holatlar aniqlanib, jinoyat sodir qilgan shaxslar javobgarlikka tortilmoqda. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan Toshkent viloyati IIBB JQB Axloq va sog`liqqa qarshi jinoyatlar bilan kurashish bo`linmasi tezkor xodimlari tomonidan yilning o`tgan 6 oyi davomida OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxslar infeksiyani qasddan o`zga shaxsga yuqtirish bilan bog`liq 20 ta jinoiy holat aniqlanib, kasallikni yanada tarqalishining oldi olindi.

Misol uchun, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 35 yoshli ikki ayol OIV kasalligi bilan ro`yxatda turib, qonuniy ogohlantirilgan bo`lishiga qaramay joriy yil iyun oyida 35 va 53 yoshli shaxs bilan jinsiy aloqada bo`lganligi va bu orqali ushbu shaxslar va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirganligi aniqlangan. Shaxslar prosessual ushlangan.

Shu kabi Angren shahrida yashovchi 24-43 yosh orasidagi uch nafar ayol va bir nafar erkak ham OIV kasalligi bilan ro`yxatda turib, qonuniy ogohlantirilgan bo`lishiga qaramay o`zga shaxs bilan jinsiy aloqada bo`lganligi aniqlangan va tegishli tartibda ushlangan.

Aniqlangan barcha holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakati olib borilmoqda.

Ma`lumot o`rnida, mazkur bo`linma tomonidan joriy yilning o`tgan 6 oyi davomida o`quv (maktab, lisey oliy ta`lim) muassasalari o`quvchilari, korxona-tashkilot xodimlari, mahalla va boshqa joylarda 150 dan ortiq targ`ibot va profilaktik tadbirlar o`tkazilib, OIV va OITS kasalligining hayotiy xavfi va huquqiy oqibatlari batafsil tushuntirilib, ogohlikka chaqirilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar