“Turizm yo`nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–238-son, 27.07.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2024 yil 1 yanvardan:
- turoperatorlar tomonidan turistik oqim past bo`lgan xorijiy mamlakatlardan O`zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda 20 AQSh dollaridan 100 AQSh dollarigacha rag`batlantiruvchi subsidiya ajratiladi;
- turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari bo`yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublikada kamida 5 kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 AQSh dollari ekvivalentida teng ulushlarda qoplab beriladi.
Shuningdek, 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo`lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo`lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo`lmagan mehmonxona 2026 yil 31 dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:
- 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so`m;
- 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so`m.
2026 yil 31 dekabrgacha dunyoning nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi O`zbekiston rezidentlari bo`lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to`g`risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil mobaynida quyidagi miqdorda qisman moliyalashtiriladi:
- 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;
- 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida;
- 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 AQSh dollari ekvivalentida.
2024 yil 1 yanvardan nogironligi bo`lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To`siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.
2026 yil 1 iyulgacha etib borish qiyin bo`lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 km yoki qattiq qoplamali avtomobil yo`llaridan 5 km uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va “safari” turizmi xizmatlarini ko`rsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi bo`yicha mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan er solig`i stavkalari ushbu soliqlar bo`yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
2023/2024 o`quv yilidan har yili “Ipak yo`li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo mamlakatlar hamda Buyuk ipak yo`lida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida ta`lim olishlari uchun 10 milliard so`mdan kam bo`lmagan miqdorda mablag`lar ajratib boriladi.
2023 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
- turagentlarning elektron to`lovlar, bron qilish xizmatlarini ko`rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo`lishi;
- turoperatorlarning elektron to`lovlar xizmatlarini ko`rsatadigan veb-saytga ega bo`lishi.






