Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o`ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni yuqori saviyada o`tkazish to`g`risida”gi qarorni imzoladi. Qaror matni O`zAda e`lon qilindi.
Qarorda ta`kidlanishicha, aynan 1991 yil 31 avgust kuni xalq o`z vatani, taqdiri va kelajagiga o`zi egalik qilish huquqini qo`lga kiritgan. Dunyo xaritasida O`zbekiston Respublikasi – yangi suveren va mustaqil davlat paydo bo`lgan.
Yangi O`zbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shon-u shuhratiga mos holda munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida:
O`zbekiston davlat mustaqilligining o`ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha respublika komissiyasining tarkibi;
“Yangi hayot uchun, Yangi O`zbekiston uchun!” degan bosh g`oyani o`zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar hamda targ`ibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasi (A. Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Mustaqillik bayramining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishini ta`minlaydi;
barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o`rtasida Mustaqillik bayramiga bag`ishlangan ma`naviy-ma`rifiy anjumanlar, “uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, gastronomik festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali o`tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san`at arboblari, taniqli sportchilardan iborat targ`ibot guruhlarini tashkil esin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini ta`minlaydi;
belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini o`z yig`ilishlarida muntazam ravishda eshitib boradi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o`tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat va tajribaga ega bo`lgan ssenarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste`dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san`ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.
Joylarda Mustaqillik bayramini yurtdoshlarning talab va istaklari asosida, bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratiladi:
yangilangan Konstitusiya mazmun-mohiyati va “O`zbekiston—2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo`nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta`lim va mehnat jamoalarida ma`rifiy uchrashuv va suhbatlar o`tkazish;
so`nggi yillarda respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni aniq misollar asosida keng yoritish;
“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini ochib berish;
sog`liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san`at, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarga alohida e`tibor qaratish;
mamlakatda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o`rtasida do`stlik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish;
Vatan mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo`lgan O`zbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy jangovar qudratini oshirish va ma`naviy salohiyatini yuksaltirish, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” tamoyilini ro`yobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ`ib etish;
Mustaqillik bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mehr daftari”ga kiritilgan hamda e`tibor va ko`makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma`naviy yordam berish bilan bog`liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.
Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):
Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag`ishlab o`tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin hamda mazkur konsert tomoshasini yuksak g`oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko`radi;
O`zbekiston Badiiy akademiyasi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug`, eng aziz” kabi an`anaviy ko`rik-tanlovlarni yuqori darajada o`tkazishni ta`minlaydi;
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo`shiq va musiqa asarlari tanlovining yakuniy bosqichini o`tkazadi;
mazkur tanlovlarning g`olib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida e`lon qilish va tantanali ravishda taqdirlash choralarini ko`radi.
Belgilab qo`yilishicha, o`tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy budjetlarning qo`shimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag`lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.