O`zini 15 yoshli qiz bola maktab o`quvchisi deb tanishtirgan erkak 10 yoshli qizga pornografik xarakterdagi video va suratlarni yuborib, undan ham shunday suratlarini yuborishni talab qilgan. Toshkent viloyati sudi erkakni 4,5 yilga manzil-koloniyaga hukm qildi.
Andijon viloyatida tug`ilgan 26 yoshli yigit o`zini qiz bola maktab o`quvchisi deb tanishtirib, 10 yoshli qizdan intim xarakterdagi surat va videolarni yuborishni talab qilgan. Bu haqda O`zbekistonda zo`ravonlikka qarshi kurashish loyihasi Nemolchi.uz xabar berdi.
2023 yilning yanvar oyida Andijon viloyatida tug`ilgan 26 yoshli R.M. turli matematik masalalarni echish uchun Telegram`da ochilgan guruhga ayol ismi bilan qo`shilgan va o`zini 15 yoshli maktab o`quvchisi deb tanishtirgan. Guruh a`zosi niqobi ostida qizlarning ishonchini qozonishga urinib, ularga shaxsiy xabar yoza boshlagan. Ularning orasida 10 yoshli qiz ham bo`lgan.
R.M. haqiqatan ham yosh qiz bilan muloqot qilayotganiga ishonch hosil qilish uchun undan fotosurat yoki video yuborishni so`ragan. Saida (ismi o`zgartirilgan) yangi o`rtog`iga quyidagicha ovozli xabar yuborgan: “Men o`g`il bola emas, qiz bolaman. Mana, eshiting”. Shundan so`ng Saida suhbatdoshining qiz ekanini tasdiqlashni so`ragan. Bunga javoban R.M. unga internetdan yuklab olingan o`smir qiz videosini yuborib, “bu menman” deb yozadi. Keyin erkak qizga “Hojatxonaga bor, to`liq echin va menga kamida 3−4 daqiqa davom etadigan video yubor”, deb video yuborishni so`ragan, biroq qizcha unday qilmagan.
“R.M. qizga musulmonlar uchun muqaddas ismni qo`llagan holda qizga pornografik videolarni yuborib, Saidadan ham xuddi shuni kutgan. Qiz rad javobini beradi va bu aslo mumkin emasligini yozadi. Shunda R.M. haligacha o`zini qiz bola deb ko`rsatib, joynamoz va muqaddas kitob fonida qizlarning ichki kiyimda tushgan suratlarini yuboradi va qizdan xuddi shunday suratlarni yuborishni talab qiladi. Evaziga ko`p pul berishni va`da beradi va go`yoki o`z ovozi bilan yozilgan bir rolik yuboradi, unda aytilishicha „Mana, qara, men shunday videolar uchun bir kunda shuncha pul topyapman“ deyilgan edi. Qiz uning talabani bajarmasa uning kontaktlari va profildagi suratlarini tarqatib, sharmanda qilish bilan tahdid qiladi”, — deyiladi Nemolchi.uz xabarida.
Saida bo`lib o`tganlarni ota-onasiga aytib beradi. Qizning onasi telefonni olib, R.M.ga ichki ishlarga xabar berishini yozgan. Bunga javoban R.M kuladi va tezda barcha yozishmalarni o`chirib tashlaydi.
Huquq-tartibot idoralari tezda gumonlanuvchini topib, telefonini musodara qilgan. Sud-texnik ekspertizasi natijalariga ko`ra, R.M.ning ushbu qurilmasidan Saida bilan yozishmalari bo`lgani, telefonda pornografik xarakterdagi yuzlab surat va videolar topilgani aniqlandi.
2023-yilning iyun oyida sud R.M.ni bolalar pornografiyasini tarqatish, shuningdek, voyaga etmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etishda (Jinoyat kodeksining 130-moddasi 3-qismi) aybdor deb topdi. Jinoyat sodir etilgan vaqtda (2023 yil yanvar) ushbu moddaning sanksiyasida nazarda tutilgan eng yuqori jazo 5 yilni tashkil etadi. Sud hukmi bilan erkak 4,5 yil manzilli koloniyada jazo o`tashga hukm qilindi.
31.07.2023 19:36
10 yoshli qizdan intim suratlarni yuborishni talab qilgan erkak 4,5 yilga qamaldi
