AsosiyJamiyat

Prezident investisiya loyihalarining ijrosi ko`rib chiqdi

'Prezident investisiya loyihalarining ijrosi ko`rib chiqdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 31 iyul kuni Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Ma`lumki, ushbu mamlakatlar katta iqtisodiy va investisiyaviy imkoniyatlarga ega. So`nggi yillardagi muntazam muloqotlar tufayli O`zbekistonning ular bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko`tarildi, hamkorlikning turli yo`nalishlarida aloqalar faollashdi.

Davlatimiz rahbari 2019 yilda Yaponiyada, 2022 yilda Vengriyada rasmiy tashrif bilan bo`lgan edi. Ozarbayjon Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri mamlakatimizga kelgan. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tuzilmalari doirasida doimiy fikr almashib kelinmoqda.

Siyosiy iroda va o`zaro manfaatdorlik natijasida Vengriya bilan 33 ta, Ozarbayjon bilan 27 ta, Yaponiya bilan 13 ta loyiha bo`yicha kelishuvlar imzolangan.  

Yig`ilishda ushbu loyihalarning ijro holati, ularni amalga oshirish bo`yicha yo`lga qo`yilgan tizim haqida axborot berildi.

Masalan, Vengriya bilan hamkorlikda parrandachilik klasteri tashkil etish, aviakompaniya ochish, dori-darmonlar, butlovchi qismlar va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Ozarbayjon bilan energetika, kimyo, transport, mashinasozlik, qurilish sohalarida hamkorlik qilinmoqda.

Yaponiya bilan loyihalar ko`lami ham keng: energetika, turizm, sog`liqni saqlash, farmasevtika, to`qimachilik, chorvachilik.

Umuman aytganda, Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan sheriklikdagi ushbu loyihalar natijasida 8 mingdan ziyod yangi ish o`rni, qariyb 1 milliard 700 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni o`z vaqtida va sifatli amalga oshirish, bu borada mas`ullar va investisiya menejerlari ishini jonlantirish zarurligini ta`kidladi.

Ikki tomonlama muloqotlar, jumladan, ishbilarmon doiralarning o`zaro tashriflarini tashkil etish orqali yangi loyihalar bo`yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo`yildi. Sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, xizmatlar, ta`lim va innovasiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yo`nalishlari sifatida qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar