Buxoro shahar Ibn sino ko`chasi yo`l yoqasida joylashgan 2 qavatli savdo do`konlarida yong`in sodir bo`ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, bugun, 1 avgust kuni soat 02:05 da viloyat FVB navbatchi dispetcherlik xizmatiga viloyat Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo`l telefonidan qo`ng`iroq qilib, Buxoro shahar Ibn Sino ko`chasi yo`l yoqasida joylashgan 2 qavatli savdo do`konlari (Xalq tilida eski PMK savdo majmuasi)da yong`in sodir bo`layotganligi to`g`risida xabar bergan.
Voqea joyiga viloyat garnizonidan 11 ta yong`in-qutqaruv ekipajlari hamda 7 ta hamkorlikdagi xizmatlarning texnikalari jalb etildi. Yong`in joyiga soat 02:07 da etib borib, savdo do`konlarining taxminan 700m2 maydonga tarqalib yonayotganligi to`g`risida ma`lumot olingan va soat 03:11 da batamom o`chirilgan.
Yong`in oqibatida Ibn-Sino ko`chasi yo`li yoqasida joylashgan tadbirkorlik sub`ektlariga tegishli 2 qavatli 15 ta do`konning ichki tovar maxsulotlari va shift qismi yongan bo`lib, xuddi shu manzilda bo`lgan Buxoro markaziy dehqon bozori AJga qarashli 1 qavatli savdo pavilionidagi 8 ta savdo do`konlari (jami 23 ta savdo do`koni) ichida bo`lgan tovar moddiy boyliklari va do`kon jihozlari yonib zarar ko`rgan. Yong`indan bozor tasarufidagi pavilion va savdo do`konlarining 10.000 m2 maydoni saqlab qolindi.
Yong`in natijasida insonlarning halok bo`lish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi.
Sodir bo`lgan yong`in yuzasidan viloyat IIB va FVB tomonidan tergovga qadar tekshiiruv ishlari olib borilmoqda. Yong`inning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida yong`in-texnik ekspertizasi tayinlangan.
Voqea joyiga viloyat sektor rahbarlari, FVB, Milliy gvardiya boshqarma boshliqlari va boshqa mas`ul rahbarlar jalb etilgan.






