Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida Senatning qirq uchinchi yalpi majlisini 2023 yilning 4 avgust kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o`tkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlar hamda masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Xususan, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to`g`risida”gi, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Advokatura to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o`zgartirish kiritish haqida”gi, “Volontyorlik faoliyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga qo`shimcha va o`zgartirish kiritish haqida”gi, “Veterinariya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ko`rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, daryolar o`zanlarini tozalash va qirg`oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo`l xo`jaligi ob`ektlariga salbiy ta`siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari muhokama qilinadi.






