O`zbekiston yoqilg`i-energetika sohasida murakkab vaziyat yuzaga kelgani sababli deyarli barcha hududlarda kunning ma`lum vaqtida elektr energiyasini uzishga majbur bo`linmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, iyun oyida jami 34,8 mln kVt·soat majburiy cheklov kiritilgan bo`lsa, mazkur ko`rsatkich iyul oyining o`tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt·soatni tashkil qildi. Yoz fasliga o`tilganidan beri jami 210 mln kVt·soat majburiy cheklov qo`llanilgan (oyiga 400 kVt·soat iste`mol ko`rsatkichini olsak, bu 525 ming abonentning oylik iste`moli degani).
Toshkentda 542 ta transformator podstansiyasi va 592,36 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 923 ta transformator hamda 702,3 kilometr havo tarmog`i joriy ta`mirlandi. Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga muvofiq, 930,6 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktlari yangilandi.
"Sag`bon", "Yunusobod", "Qo`qon", "Karvon", "Qorasuv", "Yalang`och", "Tuzel" va "Sergeli-35" podstansiyalaridagi 9 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatlisiga almashtirildi.
Ayni paytda ham Yunusobod city, Tashkent city, "Olmos", "Yangi O`zbekiston" hamda "Yangihayot" industrial zonalari uchun podstansiyalar qurish hamda ularni elektr energiyasi bilan ta`minlash uchun yangi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod qilish ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan davom etmoqda.
Bu ishlarni xavfsiz bajarish va elektr montyorlarning sog`lig`i hamda hayotiga tug`ilishi mumkin bo`lgan xatarlarning oldini olish maqsadida kunning ma`lum vaqtlarida tegishli hududlardagi iste`molchilar elektr ta`minotidan vaqtincha uzib qo`yilmoqda, deya qayd etdi vazirlik.
Iyul oyida esa, asosan, respublikada ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energetikasini uzluksiz hamda yo`qotishlarsiz etkazib berishda qiyinchilik tug`dirmoqda.
"Mazkur holat birgina O`zbekistonga xos emas. Bugun dunyoning qariyb barcha burchagida anomal issiq harorat hukm surmoqda. Oxirgi haftalarda, ayniqsa, O`rta Er dengizi mintaqasida, Amerika Qo`shma Shtatlari janubida va Xitoyning ayrim hududlarida jazirama kuzatildi. Gresiya hamda Jazoirdagi 40 daraja issiq o`rmon yong`inlariga sabab bo`ldi", — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, kuchli issiq harorat esa sovitish maqsadida elektr energiyasidan fodalanishning karrasiga oshishiga olib kelmoqda. Natijada kabellar kuyib ketyapti, transformatorlar ishdan chiqmoqda. Avariya oqibatlarini bartaraf etish esa ham katta mablag`, ham ko`p vaqt yo`qotilishiga sabab bo`lmoqda.
Avariya yuz bermasligi uchun esa bir nechta fiderlarni tarmoqdan majburiy o`chirib qo`yib, qator xonadonlar, byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub`ektlarini vaqtincha uzib turish — eng maqbul chora.
"Bu kutilmagan avariyaviy holatlarning oldini olishga hamda mablag` va vaqt tejalishiga xizmat qiladi. Oddiy aytganda, qaysidir hududni quyosh tig`ida tashqaridan, ortiqcha yuklama tufayli esa ichidan qizib ketgan kabelni sovitish maqsadida ikki-uch soatga tarmoqdan uzib turish keyinchalik kabel va transformatorning yonib ketishi hamda iste`molchilar 10−12 soatlab elektr energiyasiz qolishlaridan ko`ra afzalroq echimdir", — deya qayd etdi vazirlik.
"To`g`ri, iste`molchi hamisha haq. Qolaversa, siz, azizlarni uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta`minlash — bizning burchimiz", — deya ta`kidladi vazirlik.
Bu borada tizim tashkilotlari tomonidan juda katta ishlar qilinyapti. Xususan, oxirgi paytlarda kunlik ishlab chiqarish o`rtacha 107,8 foizni, oylik ishlab chiqarish o`rtacha 106,2 foizni, yillik ko`rsatkich esa 101,8 foizni tashkil qilyapti.
Bundan tashqari, bir qator yangi ishlab chiqarish quvvatlari — Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1500 MVt bo`lgan issiqlik stansiyasining 500 kV kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmog`i, Bo`stonliq tumanida quvvati 200 kVt bo`lgan «Ispaysoy» mikroGESi hamda Yashnobod tumanida 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiyasi bilan ta`minlaydigan yangi "Olmos" podstansiyasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, iste`mol hajmi ham yuqori bo`lmoqda. Masalan, bugungi kunda o`rtacha iste`mol kuniga 11,2 ming MVtga teng bo`lmoqda. "Hatto kunning ayrim paytlarida, asosan, issiq harorat zabtiga olgan chog`da elektr energiyasi sarfi ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga teng, ba`zan talab undan ham ortib ketayotir", — deyiladi xabarda.
Iyulda sutkalik iste`molda ikki marta rekord ko`rsatkich qayd etilgan. Xususan, 12 iyul kuni respublika bo`yicha jami iste`mol 247,5 mln kVt·soatni tashkil qilgan bo`lsa, 26 iyul kuni 250,7 mln kVt·soatga etib, sutkalik rekord yana bir karra yangilandi.
"Bunday vaziyatda energiya tejamkorlikka qat`iy rioya qilish, xonadonlarda ham barcha xonani emas, atigi bittasini sovitish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan sug`urish, zarurat bo`lmagan hollarda, ayniqsa, kunduz kunlari lampochkalarni o`chirib qo`yish eng maqbul yo`ldir", — deya ta`kidladi vazirlik.
Energetika vazirligi aholidan tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan majburiy choralarni to`g`ri tushunish hamda qo`llab-quvvatlashni so`ragan.






