AsosiyJamiyat

26 ta soliq idoralari rahbarlari ishdan olindi

'26 ta soliq idoralari rahbarlari ishdan olindi'ning rasmi

Davlat rahbari yig`ilish kun tartibidagi ikkinchi masala - tadbirkorlikni rivojlantirish orqali soliq bazasini kengaytirishga to`xtaldi.

Birinchi yarim yillikda respublikada soliq tushumlari 76,3 trillion so`mni tashkil etib, o`tgan yilga nisbatan 107,5 foizga o`sdi.

Ushbu davrda 2,3 trillion so`m mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirildi.  

“Lekin, bu mavjud salohiyatimizdan ancha kam. Tan olish kerak – kundan-kunga o`sayotgan iqtisodiyotimizning samarasi byudjet daromadlarida to`liq ko`rinmayapti.

Bu borada tadbirkorlarni ayblab bo`lmaydi. Buning uchun soliq idoralari o`z dunyoqarashini o`zgartirishi kerak.

Soliqchilar tadbirkorlarga pul undirish nuqtai-nazaridan emas, balki ularni qo`llab-quvvatlash orqali o`stirib, soliq bazasini kengaytirish manbai sifatida qarashi zarur”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Bugungi kunda soliq tushumlarining 60 foizini Yirik soliq to`lovchilar inspeksiyasi elektron tizim orqali joyiga chiqmasdan undirayotgani, lekin viloyat va tuman soliq xodimlari xotirjam bo`lib o`tirgani tanqid qilindi.

Misol uchun, bugungi kunda daromad solig`i to`layotgan korxonalar soni 425 mingtani tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 9 foizga kamaygan.

Ayniqsa, bunday korxonalar Xorazm va Qoraqalpog`istonda 20 foizga, Toshkent viloyatida 14 foiz, Buxoro, Samarqand va Namangan viloyatlarida 12 foizga kamaygan.

Yoki, joriy yilning besh oyida 40 ta tumanda tadbirkorlar daromadi deyarli o`zgarmagan, ayrimlarida hatto tushib ketgan.

Qo`ng`irot, Taxtako`pir, Ulug`nor, Olot, Paxtakor, Namangan, Mingbuloq, Chust, Koson, Muborak, Dehqonobod, Urgut, Kattaqo`rg`on, Nurobod, Muzrabot, Xiva, Xonqa, Kitob tumanlari hamda Buxoro, Kogon, Samarqand, Angren, Bekobod, Olmaliq, Nurafshon, Urganch shaharlari, jami 26 ta soliq idoralari rahbarlari ishdan olindi.

    Boshqa yangiliklar